Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 20 may kuni Kursk viloyatiga tashrif buyurib, gumanitar shtabda ko‘ngillilar bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Anchadan beri sizning oldingizga kelishni, ishlaringiz haqida suhbatlashishni, sizlarga minnatdorlik bildirishni, bu ishlar qanday tashkil etilganini bilishni va tabiiyki, shunday holatlarda tug‘iladigan savolni – yana qanday yordam kerakligi, qanday qo‘llab-quvvatlash lozimligini so‘rashni istagandim”, degan u uchrashuv avvalida.
Bundan tashqari, Putin mahalliy hokimiyat rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan, shuningdek, viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn bilan uchrashgan hamda Kurschatov shahridagi qurilayotgan Kursk AES-2 ob’ektini ko‘zdan kechirgan.
Xinshteyn Prezidentdan chegaradosh hududlardan majburan evakuatsiya qilingan aholi uchun har oylik 65 ming rubl miqdoridagi to‘lovlarni “hech bo‘lmaganda odamlar o‘z uylariga qaytish imkoniga ega bo‘lgunlariga qadar” uzaytirishni so‘ragan. Uning ta’kidlashicha, hozirda hududlarni minalardan tozalash ishlari davom etmoqda. Viloyat rahbari, shuningdek, yashash uchun yaroqsiz holga kelgan uy-joylarni ta’mirlash uchun federal byudjetdan yordam choralarini ko‘rishni ham so‘ragan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52219 | Инструменты