Ayni damda O‘zbekistonda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) doirasida ekologik faoliyat samaradorligining 4-yakuniy baholanishi (EFSB) bo‘yicha missiya amalga oshirilmoqda.
Bu — mamlakatning barqaror rivojlanish va samarali ekologik boshqaruvga sodiqligini tasdiqlovchi muhim qadamdir. 19-maydan 23-maygacha xalqaro ekspertlar guruhi Toshkentda bo‘lib, so‘nggi besh–yetti yil ichida O‘zbekistonda olib borilgan ekologik faoliyatni baholamoqda.
“Biz mamlakat bo‘yicha missiyani o‘tkazmoqdamiz, maqsadimiz ekologik samaradorlik, boshqaruv va amalga oshirish darajasini baholashdir. Alohida uchrashuvlar orqali mamlakatdagi ekologik boshqaruv holati haqida aniq ma’lumotlar olib, EFSB bo‘yicha hisobot loyihasini tayyorlayapmiz”, — deydi EFSB dasturi koordinatori Antuan Nunyes.
Yangi baholash jarayonlari to‘rtta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: atrof-muhitning ifloslanishi (iqtisodiyot tarmoqlarining havo, suv, tuproq va biologik xilma-xillikka ta’sirini baholash), “yashil” rivojlanish (atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan soliq-tarif siyosati va investitsiyalar), iqlim o‘zgarishi (issiqxona gazlari tashlamalari va moslashuv choralarining tahlili), tabiatga asoslangan yechimlar (cho‘llanish, suv tanqisligi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga qarshi kurash).
Ekologiya vazirligi huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi bo‘lim boshlig‘i Xoniya Asilbekovaning ta’kidlashicha, EFSB yetakchi xalqaro ekspertlar tomonidan olib borilayotgan tashqi audit hisoblanadi.
“Bugun biz hamkorlarimiz bilan birga Ekologiya vazirligi faoliyatini transformatsiya qilish doirasida olib borilayotgan ishlarni taqdim etdik. 4-EFSB boshqalardan shunisi bilan farqlanadiki, u hajm jihatidan katta bo‘lmasa-da, keng qamrovli bo‘ladi. Unda asosiy ma’lumotlar joy oladi va bu ma’lumotlar keyinchalik ekologik siyosatni takomillashtirish hamda ekologik jihatlarni iqtisodiy faoliyatga integratsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi u.
Missiya doirasida, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish bo‘yicha erishilgan yutuqlar: milliy kontekstga maqsadlar qanday moslashtirilganligi, resurslar ajratilganligi, amalga oshirish mexanizmlari qanchalik samarali va hozirgacha qanday natijalarga erishilgani baholanmoqda. Bundan tashqari, ekologik siyosatda gender yondashuvni integratsiyalash, ekologik huquqlarni himoya qilish, sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish va ekoturizmni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Alohida e’tibor 2020-yilda o‘tkazilgan uchinchi baholash yakunlari bo‘yicha berilgan 99 tavsiyaning bajarilishi tahliliga qaratilgan. Ushbu jarayonlar O‘zbekistonning shaffoflik, xalqaro hamkorlik va ekologik siyosatni izchil isloh qilish borasidagi intilishini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52222 | Инструменты