AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilning Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyni o‘ldirish rejasiga veto qo‘ydi. Bu haqda 15 iyun, yakshanba kuni Reuters agentligi xabar berdi. «Eronliklar bitta amerikalikni o‘ldirdimi? Yo‘q. Ular shunday qilmaguncha, siyosiy rahbariyatdan (Eron) hech kimni yo‘q qilish g‘oyasi hatto stolda ham yo‘q», dedi ismi sir qolish sharti bilan jurnalistlarga AQSh ma’muriyatining yuqori martabali amaldori.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Amerikaning Fox News kanaliga bu ma’lumotni quyidagicha izohladi: «Hozir hech qachon bo‘lmagan suhbatlar haqida juda ko‘p yolg‘on xabarlar bor va men bunga qo‘shilmoqchi emasman. Aytishim mumkinki, biz qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qilyapmiz va qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qilamiz. Menimcha, Qo‘shma Shtatlar AQSh uchun nima yaxshi yoki nima yomon ekanini biladi».
Avvalroq The Wall Street Journal ismini oshkor etmagan isroillik mulozimga tayangan holda Xomanaiyga hujum qilish «taqiqlanmagan»ligini aytgan edi. WSJ manbasining qo‘shimcha qilishicha, Isroil agar bu Eron yadroviy dasturini yo‘q qilishga yordam bersa, Erondagi har qanday potensial nishonlarga zarba berishi mumkin.
Eronga qarshi harbiy operatsiyaning birinchi kunida Isroil harbiy-havo kuchlari Ali Xomanaiy qarorgohiga zarba berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61622 | Инструменты