Namanganda 65-xalqaro “Gullar festivali”ga start berildi

Bu yil 50 kun oʻtkazilishi rejalashtirilgan festivalning har bir kuni mehnatsevar, gulsevar namanganliklar va mehmonlar uchun chinakam bayramga aylanadi.  

65-xalqaro yubiley festival eng avvalo, mahallalardan boshlangani bilan avvalgilaridan ajralib turadi. YAʼni, bu yil viloyatdagi mavjud 754 ta mahallaning barchasi festival ishtirokchisiga aylandi. Har bir xonadon, har bir koʻcha va mahalla gulzorlarga burkandi.

Ular oʻrtasida "Eng gulzor, eng obod mahalla" koʻrik-tanlovi oʻtkazilmoqda. Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, festival yakunida gʻoliblarni munosib mukofotlanadi.

Oʻtgan yili festivalga tayyorgarlik jarayonida viloyat boʻyicha jami 100 million tup gul koʻchati ekilgan edi. Bu yil esa ushbu miqdor 150 million tupga yetkazildi. Natijada Namangan “Jamoa boʻlib bir oy davomida eng koʻp ekilgan gullar” yoʻnalishida Guinness rekordini oʻrnatdi. Endi dunyodagi sanoqli shaharlar qatorida Namangan ham Ginnesning “Rekordlar kitobi”ga kiritilib, tarixda qoladigan boʻldi.

Shu bois 24-may kuni festivalning tantanali ochilishi katta bayramga aylandi. “Namangan xalqaro aeroporti” oldidan gullar bilan bezatilgan anʼanaviy avtomobillar paradi start oldi. U markaziy koʻchalar boʻylab harakatlanib, viloyat markazidagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi oldiga yetib keldi.

Bu yerda boʻlib oʻtgan rasmiy ochilish marosimida koʻplab xorijiy davlatlarning diplomatik korpus vakillari, chet el kompaniyalari va investorlar,  nufuzli mehmonlar, madaniyat va sanʼat namoyondalari, sayyohlar va keng aholi vakillari ishtirok etdilar.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tabrik soʻzida festivalning ahamiyati va mohiyati haqida toʻxtaldi.

Bu yilgi Festival doirasida jami 150 dan ortiq xalqaro, respublika va mahalliy miqyosdagi forumlar, madaniy-maʼrifiy, ommaviy-sport va boshqa turdagi tadbirlar oʻtkaziladi.

Mehmonlar Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻi hamda “Afsonalar vodiysi” tematik parkida yaratilgan betakror va maftunkor gul kompozitsiyalaridan zavq oladilar.   Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining 60 gektar maydonida ham gullar bilan bezatilgan  kompozitsiyalar barpo etildi.
Bu yil tumanlarda ham turli tadbir va sayllar oʻtkazilib, turizm boʻyicha yangi lokatsiyalar tashkil etilmoqda.

Xususan,  anʼana tusiga kirgan Chustda “Osh tanlovi”, Popda "Lavanda sayli" qatoriga endilikda Mingbuloqda “Patir festivali” ham qoʻshilmoqda.  Albatta, bu kabi yoʻnalishlar festival doirasida Namanganga kelgan xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotadi.  

Namanganda oʻtayotgan “Gullar festivali” xalqaro birdamlik, doʻstlik ulugʻlanadigan tadbirlar markaziga aylanib bormoqda.  Joriy yil festivalda 1 milliondan ziyod xorijiy, 8 millionga yaqin mahalliy sayyohlar tashrifi kutilyapti.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52420 | Инструменты