Daniyaning Orxus universiteti olimlari Adolf Gitler DNKsida diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi, autizm, bipolyar buzilish va shizofreniya rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan genetik moyillikni aniqladi. Tadqiqot natijalari “Daily Mail” nashrida e’lon qilindi.
Mutaxassislar Gitlerning qon namunalarini tahlil qilgan. Ushbu qon 1945-yilda Gitler o‘z joniga qasd qilganidan so‘ng, amerikalik ofitser Rosvell Rozengren tomonidan uning bunkeridagi divan qoplamasidan olingan. Keyinchalik olimlar bu namuna genomni ketma-ket o‘qish usuli orqali tahlil qilgan va uch milliard genetik yo'riqni batafsil o‘rganib chiqqan.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, Gitlerda diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi rivojlanish ehtimoli o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lgan. Shuningdek, u autizm, bipolyar buzilish va shizofreniya xavfi yuqori bo‘lgan aholining 1 foiziga kirgan. Bu kasalliklar genetik yo‘l bilan, ya’ni nasldan-naslga o‘tishi mumkin.
Shizofreniya insonning haqiqatni to‘g‘ri idrok etish, fikrlash va hissiy holatini buzadigan ruhiy kasallik bo‘lib, odatda kayfiyatning keskin o‘zgarishi, haddan tashqari shubhalanuvchanlik, mantiqsiz fikrlar, gallutsinatsiyalar, befarqlik hamda qaror qabul qilishdagi qiyinchiliklar bilan namoyon bo‘ladi.
“Bunday kasalliklarning kombinatsiyasi juda murakkab. Gitler milliondan bir, balki milliardlardan birining holati. Men uni jinoyatga moyil autistik psixopatiya deb atash mumkin deb o‘ylayman”,- deydi Triniti kolleji psixiatriya professori Maykl Fitzgerald
Shuningdek, olimlar Gitlerning uchinchi darajali qarindoshi Veyt Aloiziy bir necha yil Venadagi ruhiy shifoxonada davolanganini, u gallutsinatsiyalar va bemani xatti-harakatlar tufayli ko‘pincha to‘shakka bog‘lab qo‘yilganini eslatgan. Tadqiqotchilar bu holat Gitlerdagi ruhiy buzilishlarga irsiy omillar sabab bo‘lganini tasdiqlaydi, deb hisoblagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111421 | Инструменты