Fevral oyida O‘zbekistonda 815 mln kVt/soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, o‘tgan oyda mamlakatdagi yirik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 371 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 444 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Qayd etilishicha, bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 413 mln kVt⋅soat yoki 203% ga ko‘pni tashkil etdi.
2025-yil fevral oyida quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 401 mln kVt⋅soat (quyosh — 265 mln kVt⋅soat, shamol — 136 mln kVt⋅soat) elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
O‘zbekistonda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,38% ga oshib, 86,7 mlrd kVt/soatga yetdi. Iste’molchilarga yetkazib berish hajmi esa 14% ga o‘sib, 77 mlrd kVt/soatdan oshdi.
Gidroenergetikani hisobga olgan holda “yashil” generatsiya 16,8 mlrd kVt/soatni tashkil etdi (+29%). Quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarishi 2,1 barobarga oshib, ilk bor 10,5 mlrd kVt/soatdan oshdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan 3,2 mlrd kub metr gaz tejalib, 4,7 mln tonna zararli chiqindilar atmosferaga chiqarilishining oldi olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31120 | Инструменты