Huawei 1
Boyqo‘ng‘ir kosmodromining bir qismi sotuvga qo‘yildi

Qozog‘iston va Rossiyaning “Bayterek”  qo‘shma korxonasi Boyqo‘ng‘ir kosmodromi maydonchalaridagi texnologik uskunalarni kimoshdi savdosiga qo‘ydi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Xabar qilinishicha, sotuvga qo‘yilgan uskunalar o‘z maqsadiga muvofiq ishlashning boshqa istiqbollariga ega emas, ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirgan deb tan olingan hamda “Bayterek” loyihasining zamonaviy jarayonlariga integratsiya qilinmaydi.

“Ushbu uskunalarni sotish mavjud ishlab chiqarish maydonlarini optimallashtirish va yetkazib berish allaqachon boshlangan yangi texnologik tizimlarni joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida amalga oshiriladi”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Qayd etilishicha, ushbu mulk 40-60 yillik bo‘lib, “Zenit-M” majmuasi hududida joylashgan. Uning baholangan qiymati 753,2 million tenge (19 mlrd 92 mln so‘m), biroq auksionda boshlang‘ich narxi 135,4 million tenge (3 mlrd 423 mln so‘m) deb belgilangan. Ehtimol, bu darajadagi chegirma savdoda ishtirok etmoqchi bo‘lgan potensial xaridorga qo‘yilgan jiddiy talablar bilan bog‘liq.

Ishtirokchining egaligida yoki ijarasida quyidagi texnika bo‘lishi shart:

  • 25 tonnalik 2 ta avtokran;
  • 50 tonnalik 2 ta avtokran;
  • 2 ta boshqaruvchi kran;
  • 3 ta ekskavator;
  • 2 ta uzun yuk mashinasi (kamida 10 metr);
  • 3 ta yuk ko‘taruvchi texnika;
  • 4 ta samosval.

Auksion 15 may kuni boshlangan. Bu lot rangli metallar va kamyob komponentlar bilan ishlaydigan qayta ishlovchi kompaniyalarni qiziqtirishi mumkin.

Ma’lumot uchun, “Bayterek” qo‘shma Qozog‘iston-Rossiya korxonasi 2005 yil aprel oyidan buyon faoliyat yuritadi. Uning muassislik huquqlari teng ulushda: Rossiyaning M. V. Xrunichev nomidagi Davlat kosmik ilmiy-ishlab chiqarish markazi va Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligining Aerokosmik qo‘mitasiga qarashli respublika davlat muassasasiga tegishli. Kompaniyaga mashhur qozog‘istonlik kosmonavt Aydin Aimbetov rahbarlik qiladi. 2015 yildan beri kompaniya 877 million tenge miqdorida soliq to‘lagan.

Boyqo‘ng‘ir kosmodromi dunyodagi eng yirik va eng eski kosmik portlardan hisoblanadi. Kosmodrom Qozog‘istonning janubi-g‘arbiy qismida, Qizilo‘rda viloyatida joylashgan. 1994 yilda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, Boyqo‘ng‘ir 2050 yilgacha Rossiyaga ijaraga berilgan. Rossiya har yili Qozog‘istonga ijara uchun taxminan 115 million AQSH dollari miqdorida to‘lov qiladi. Bundan tashqari, infratuzilma va texnik xizmatlar uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51702 | Инструменты