AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 9 may kuni Pokiston armiyasi bosh qo‘mondoni general Asim Munir bilan telefon orqali suhbatda Hindiston bilan mojaroni hal qilishda yordam berishni taklif qildi. Bu haqda AQSH davlat departamentining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
“U ikkala tomonni ham keskinlikni kamaytirish yo‘llarini topishga chaqirdi va kelajakdagi mojarolarning oldini olish uchun konstruktiv muzokaralarni boshlashda AQSH yordamini taklif qildi”, deyiladi Davlat departamenti xabarida.
Bildirilishicha, oldinroq Rubio Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan ham qo‘ng‘iroqlashib, tomonlarni vaziyatni yumshatishga chaqirgan.
Shu bilan birga, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Hindiston-Pokiston mojarosi AQSHga bevosita aloqador emasligini, ular unga aralashmasligini, ammo tinchlik tiklanishiga umid qilishini aytgandi.
“Biz qila olishimiz mumkin bo‘lgan narsa bu keskinlikni biroz pasaytirishga undashdir, ammo biz urushning avj olishiga aralashmoqchi emasmiz, bu aslida bizga tegishli emas va Amerikaning uni nazorat qilish qobiliyatiga hech qanday aloqasi yo‘q”, degan edi Vens.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “Amerika hindlarga ham, pokistonliklarga ham qurolni tashlashni buyura olmaydi”.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51016 | Инструменты