Huawei 1
Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida «Xotira nuri» nomli yangi majmua ochildi

«Xotira nuri» — bu tarixiy meros, tabiat manzarasi, san’at va zamonaviy raqamli texnologiyalar uyg‘unligini ifodalovchi noyob loyiha hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi — O‘zbekiston Respublikasida mutlaqo yangi shakldagi yodgorlik makonini yaratishdir. Bu maskanda qahramonlar xotirasi abadiy yashaydi.

Mamlakatda ilk bor tarixiy xotira nafaqat monument obida orqali, balki raqamli shaklda ham abadiylashtirilmoqda. Bu esa Ikkinchi jahon urushi faxriylari xaqidagi ma’lumotlarga keng ommaviy kirish imkonini yaratadi.

«Xotira nuri» kitobi — bu yosh ijodkorlar, O‘zbek tili va adabiyoti instituti talabalarining qalamiga mansub qahramonlik hikoyalari to‘plamidir. Kitob avlodlar davomiyligini ifodalaydi. Unda O‘zbekistonning har bir hududidan bittadan bo‘lib, jami 14 nafar faxriyning tarjimai holi va arxiv fotosuratlari jamlangan. Loyiha keyingi yil davomida barcha tirik faxriylarni qamrab olib, ularning hayotiy yo‘llarini «xotira kitobi»ga kiritish, milliy qahramonlik arxivi yaratishni rejalashtirgan.

«Xotira nuri» majmuasi — bu G‘alaba bog‘i hududida joylashgan yodgorlik makoni bo‘lib, u gulli daraxtlar, butalar va yorqin gulzorlar bilan o‘ralgan. Bu joyda xotira, hurmat va minnatdorchilik tuyg‘ulari aks etgan o‘ziga xos muhit yaratilgan. Majmuaning markazida joylashgan yodgorlik ochiq sahifadek yasalgan kitob shaklida bo‘lib, u abadiy meros va hayotini Vatan uchun fido qilganlar xotirasini ifodalaydi. Yashil hudud uch tomondan yodgorlik tomon olib boruvchi sayr yo‘laklari bilan bezatilgan. Monument maketi ustida mamlakatimizning yetakchi haykaltaroshlari hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi talabalari ishladi.

Raqamli platforma — bu faxriylar haqidagi foto, video va audio materiallardan iborat arxiv bazasidir. U «xotira kitobi»da keltirilgan hikoyalarni boyitadi. Zamonaviy texnologiyalar orqali ilk bor O‘zbekistonda ochiq osmon ostida raqamli muzey yaratilmoqda. Har bir tashrif buyuruvchi markaziy monumentga o‘rnatilgan interaktiv QR-kod orqali bu boy xotiralarni tinglashi, ko‘rishi va his qilishi mumkin bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51021 | Инструменты