Huawei 1
Toshkent dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” turniriga mezbonlik qiladi

1-3-mart kunlari Toshkent dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” turniriga mezbonlik qiladi. Musobaqa Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari uchun yirik reyting ochkolarini taqdim etadi. Ayni paytga kelib turnirda ishtirok etish uchun 69 mamlakatdan 450 nafarga yaqin sportchi roʻyxatdan oʻtdi. Bugun MOQda mazkur musobaqaga tayyorgarlik masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, shuningdek, federatsiya masʼullari ishtirok etishdi.

Oybek Kasimov O'zbekiston bir necha yillardan beri Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) bayrogʻi ostida oʻtayotgan bunday nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etib kelayotgani, bu safar ham uni aʼlo darajada oʻtkazib, yurtimizning bu boradagi imkoniyatlarini yana bir karra koʻrsatish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, Azizjon Kamilov bellashuvlarga mezbonlik qiladigan “Humo arena”ning tayyorgarligi, mehmonlarga yaratiladigan sharoitlar, viza, transport va logistika, translyatsiya masalalari boʻyicha holatni oʻrganib, ish samaradorligini oshirish boʻyicha kerakli tavsiyalarni berdi.

Yigʻilish davomida terma jamoamiz aʼzolarining tayyorgarligiga ham toʻxtalib oʻtildi. Rasmiylar dzyudochilarimizning yuqori natija qayd etishlari orqali Olimpiada reytingi uchun zarur ochkolarni jamgʻarishi muhimligini qoʻshimcha qilishdi. Suhbat davomida yana bir qator yoʻnalishlar borasida mavjud muammolar oʻrganilib, ularning yechimi yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120612 | Инструменты