Yangi o'quv yili uchun tayanch o'quv rejasi tasdiqlandi
Xalq ta'limi vazirligi umumiy o'rta ta'lim maktablari uchun 2020-2021 o'quv yiliga mo'ljallangan tayanch o'quv rejani tasdiqladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy majlisga murojaatida maktab o'quv dasturlarini ilg'or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o'quv yuklamalari va fanlarni qayta ko'rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur ekanligini ta'kidlagan edi.
Bundan tashqari, 2018 yilning 14 avgust kuni «Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risida» O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilingan bo'lib, unda umumiy o'rta ta'limning amaldagi tayanch o'quv rejasini qayta ko'rib chiqib, 10 foizga qisqartirish vazifasi belgilab berilgan.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro baholash dasturlari bo'yicha xalqaro tadqiqotlarda O'zbekiston Respublikasining ishtirok etishiga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha Yo'l xaritasi”ning 12-bandida “2019 yil dekabr oyidan boshlab, ilg'or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda davlat ta'lim standartlari, o'quv dasturlari va o'quv adabiyotlari mazmuniga bosqichma-bosqich o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish” vazifasi belgilangan.
Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida o'quvchilarning savodxonlik darajalarini aniqlashda kompyuter simulyatsiyali interfaol topshiriqlardan foydalaniladi va barcha sinovlar kompyuter texnikasi yordamida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018 yil 27 aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1-4-sinf o'quvchilarining haftalik o'quv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me'yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlang'ich sinflarning o'quv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.
Endilikda asosiy e'tibor fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli ta'lim berishga qaratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90500 | Инструменты