“Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–95-son, 19.05.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi:
- 2030 yilga qadar Jahon bankining “Business ready” reytingida soliq yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqish;
- soliq xizmatlari sifatini yaxshilash va soliq to‘lovchilarning soliq organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash.
2026 yil 1 iyuldan:
- tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
- soliq xavfi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar to‘g‘risida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar 1 oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;
- yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga ko‘ra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi.
2026 yil 1 avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bunda soliq to‘lovchilar tomonidan:
- soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini;
- soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorligi darajasini baholash imkoniyati yaratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52100 | Инструменты