IIV Matbuot xizmati bergan maʼlumotga ko‘ra, joriy yilning 18 iyun kuni Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i nomiga Tenge Bank chakana xizmatlar ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i ariza bilan murojaat qilgan.
U o‘z arizasida nomaʼlum shaxslar tomonidan 90 000 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari talon-toroj qilinganligi haqida xabar bergan. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida shu kunning o‘zida bir necha shaxslar bank kassasiga mijoz sifatida tashrif buyurib, bank kartasida mavjud 90 000 AQSH dollarini naqdlashtirish maqsadida postterminalga yolg‘on axborot kiritish yo‘li bilan 90 000 AQSH dollarini olib ketganligi aniqlangan.
Zudlik bilan tezkor-texnik tadbirlar amalga oshirilib, ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan jinoiy guruhning barcha aʼzolari qo‘lga olindi.
"Men bir yil oldin har xil Telegram guruhlariga kirib qolib, har xil xitoylik odamlar bilan gaplashib, ulardan jinoiy ishga tortiladigan har xil maxinatsiya va moshenniklar bilan shug‘ullanadigan guruhlarda programmalarni ko‘rib, ularni test qilib, har xil magazinlarga kirib, ularni tekshirib ko‘rib, planga o‘tdim. Bank xodimini topdim. Bank xodimidan kelishgan holda, bizlar bankka kirib, 90 000 AQSH dollarini programma orqali yechib oldik pulni. Men shu qilgan ishimdan juda ham pushaymonman, sizlar ham unaqa joylarga kirmanglar, yengil pul hech qachon hech qayerda bo‘lmaydi", - deydi qo‘lga olingan shaxs.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 12 dona telefon apparati, postterminal, 9 dona bank kartalari, 1 670 000 so‘m va 36 495 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.. Jami 9 nafar shaxs Jinoiy-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70502 | Инструменты