Toshkent shahrining Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi yangi tunnel yo‘li atrofida tirgak devorning bir qismi o‘pirilib tushdi, deya xabar qilmoqda poytaxt hokimligi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan. Voqea joyiga avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va masʼul tashkilotlar vakillari yuborilgan. Hudud o‘rab olingan va zarur xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Hozirda u yerda kompleks texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunlanmaguncha uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta, deyiladi hokimlik xabarida.
Dastlabki taxminlar qatorida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik taʼsiri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda obektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda.
Hokimlik texnik tekshiruv yakunlari bo‘yicha tiklash ishlari yuzasidan qaror qabul qilinishini bildirdi.
«Qoidabuzarliklar yoki ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi aniqlansa, masʼul shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi», — deya qayd etdi idora.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31215 | Инструменты