Toshkentda havo ifloslanishi sabab 131 ta yirik korxonaga ogohlantirish berildi, Andijonda shundaylardan birining faoliyati to'xtatildi

Toshkentda havo ifloslanishi sabab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda faoliyat yuritayotgan 131 ta yirik xoʻjalik yurituvchi subyektga atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalar miqdorini ikki barobarga kamaytirish boʻyicha ogohlantirish berildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi ma’lum qildi.

Shuningdek, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi 7 ta issiqlik elektr stansiyasiga atmosferaga chiqariladigan tashlamalar miqdorini kamaytirish, 30 ta yirik qurilish tashkilotiga esa chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini kamaytirish boʻyicha talab qoʻyilgan.

Hozirda maxsus mobil laboratoriyalar korxonalarning atmosferaga chiqarayotgan tashlamalari miqdorini monitoring qilmoqda.

Qoʻmita ma’lumotiga koʻra, kecha, 28 oktyabr kuni soat 22:00 holatida Toshkent shahrida atmosfera havosi sifati nosogʻlom darajada boʻlgan. Bunga kuchli harorat inversiyasi, quruq havo, yogʻingarchilikning yoʻqligi va kuchsiz shamol sabab boʻlmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga asosiy koʻchalar hamda yoʻl chetlaridagi qum va changni yigʻishtirish, mavjud favvoralarni ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi tomonidan fuqarolarning ohak va gʻisht ishlab chiqarish korxonalaridan chiqayotgan tutun hamda chang sababli nafas olish qiyinlashayotgani yuzasidan bildirilgan murojaatlari asosida tegishli oʻrganish va nazorat tadbirlari olib borildi. Oʻrganishlar davomida ohak va gʻisht ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati nazoratga olinib, mas’ullarga atmosfera havosini muhofaza qilish, belgilangan ekologik me’yorlarga rioya etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini amaldagi normativ talablar asosida tashkil etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, korxonalarda oʻrnatilgan chang va gaz tozalash uskunalarining samaradorligi oʻrganildi, laboratoriya tahlillari uchun namunalar olindi. Olingan namunalar belgilangan tartibda tekshiriladi hamda tahlil natijalariga koʻra qonunchilikda belgilangan choralar koʻriladi. Qolaversa, hududlarda aniqlangan 2 ta qoʻlbola ohak pishirish oʻchogʻi bartaraf etilib, qonuniy choralar koʻrildi.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi tomonidan ham gʻisht ishlab chiqaruvchi "S.M." korxonasida ekologik talablarga rioya etilishi yuzasidan nazorat-reyd tadbiri oʻtkazildi. Oʻrganish davomida korxona atmosferaga yuqori darajada chang-gaz chiqarayotganligi aniqlanib, faoliyati vaqtincha toʻxtatildi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102916 | Инструменты