Ekologlarning ta’kidlashicha, muammo faqat Oʻzbekiston poytaxtigagina taalluqli emas, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga yoyilgan. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasida milliy va xalqaro kuzatuvlar ma’lumotlariga asoslangan holda yuzaga kelgan holat sabablarining batafsil tahlili taqdim etildi.
Soʻnggi kunlarda havo sifatining keskin yomonlashuvi yana jamoatchilik e’tibori markazida boʻlib turibdi. Biroq ekologlarning ta’kidlashicha, muammo faqat Oʻzbekiston poytaxtigagina taalluqli emas, balki butun mintaqaga yoyilgan. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasida milliy va xalqaro kuzatuvlar ma’lumotlariga asoslangan holda yuzaga kelgan holat sabablarining batafsil tahlili taqdim etildi.
Raqamlar nima demoqda?
Monitoring ma’lumotlariga koʻra, 26 oktyabr kuni Markaziy Osiyoning 8 ta yirik shahridan 6 tasida havo sifati indeksi (AQI) 100 birlikdan iborat xavfli chegaradan oshgan.
Bishkekda bu koʻrsatkich 160 gacha koʻtarildi (shahar ifloslanish darajasi boʻyicha jahon antireytingida toʻrtinchi oʻrinni egalladi), Toshkentda 157 ga yetdi, Chimkentda 149, Dushanbe va Qaragʻandada esa 134 ni tashkil qildi. Qoʻshni Qozogʻistonda noqulay meteorologik sharoit qayd etilgan shaharlar soni sanoqli kunlar ichida toʻrttadan oʻntagacha oshdi.
Toshkentda oʻrtacha kunlik indeks atigi besh kun ichida 76 foizga — 21 oktyabrdagi 93 punktdan 26 oktyabrda 164 punktgacha koʻtarildi. Shu bilan birga, ifloslanishning eng yuqori choʻqqisi tungi soatlarga toʻgʻri keldi: soʻnggi oyda soat 23:00 da oʻrtacha koʻrsatkich 119 ga yetgan boʻlsa, 17:00 da bu koʻrsatkich 82 atrofida saqlanib turgan. Bir-biridan yuzlab kilometr masofada joylashgan shaharlarda atmosferaning bir vaqtda xiralashishi muammoning tub sababi mintaqaviy koʻlamdagi atmosfera jarayonlari ekanini tasdiqlaydi.
Sabablar: antitsiklon va harorat inversiyasi
Oktyabr oyining uchinchi oʻn kunligida Markaziy Osiyo hududi ustida kam harakatlanuvchi antitsiklon oʻrnashdi. Shamolsiz ob-havo (shtil), yogʻingarchilikning yoʻqligi va kuchli harorat inversiyasi havoning tabiiy aylanishini toʻsib qoʻydi.
Bu jarayonning fizik mohiyati shundaki, iliq havo qatlami sovigan yer yuzasini xuddi zich qopqoq singari qoplab oladi. Natijada atmosferaning vertikal almashinuvi toʻxtaydi. Bunday sharoitda, hatto tashlamalar hajmi haqiqatda oshmagan taqdirda ham, PM2.5 mikrozarrachalarining kontsentratsiyasi shiddat bilan ortib boradi. Chunki avtotransport gazlari, isitish tizimlaridan chiqayotgan tutun, sanoat chiqindilari va muallaq changlar yerga yaqin qatlamda qamalib qoladi.
Tabiiy chang va antropogen omil toʻqnashuvi
Markaziy Osiyo Qoraqum, Qizilqum choʻllari hamda Orol dengizining qurigan tubini (Orolqum) oʻz ichiga olgan keng qurgʻoqchil (arid) mintaqada joylashgan. Chang oqimlari davlat chegaralarini osonlikcha kesib oʻtadi, shu bois transchegaraviy chang koʻchishi muammosini faqat bir shahar doirasida alohida hal etib boʻlmaydi.
Toshkent shahrining Olmazor, Yunusobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlaridan olingan havo namunalarining laboratoriya tahlili PM2.5 zarrachalari bilan ifloslanish darajasini quyidagicha koʻrsatdi:
39,7% — choʻllarning tabiiy mineral changi;
42,6% — yonish jarayonlari (transport, sanoat va energetika tizimi).
Faol chang boʻronlari davrida poytaxt havosidagi tabiiy omil ulushi 64 foizgacha, ayrim namunalarda esa 78 foizgacha koʻtarilgan.
Yillik dinamika va monitoring tarmogʻi
Ekologiya qoʻmitasi ifloslanishning qisqa muddatli koʻtarilishlarini umumiy yillik dinamikadan ajratib baholash zarurligiga e’tibor qaratmoqda. Joriy yilning yanvar oyidan 19 oktyabrigacha boʻlgan davrda Toshkent havosidagi PM2.5 zarrachalari miqdori oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga, PM10 zarrachalari esa 32 foizga kamaygan. Oktyabr oyi uchun havo sifatining oʻrtacha indeksi ham 124 dan 104 gacha yaxshilangan.
Oʻz vaqtida nazorat olib borish maqsadida Oʻzbekistonda kuzatuv tarmogʻi kengaytirildi: bugungi kunda milliy platformaga 28 ta avtomatik monitoring stantsiyasi ulangan boʻlib, ularning ma’lumotlari olimlarga uzatiladi va real vaqt rejimida jamoatchilik uchun ochiq hisoblanadi.
Nima qilish kerak?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqlim oʻzgarishi, qurgʻoqchilik va tuproq namligining pasayishi chang boʻronlari hamda havo dimlanishi holatlari tez-tez yuz berishiga sabab boʻlmoqda. Shu munosabat bilan quyidagilar asosiy chora sifatida koʻrilmoqda:
- chang koʻchishlarini birgalikda prognoz qilish uchun Markaziy Osiyo davlatlari gidrometeorologiya xizmatlari oʻrtasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va tezkor ma’lumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish;
- inversiya hodisalarini oldindan prognoz qilish va aholini tezkor xabardor qilish;
transport, qozonxonalar va zavodlardan chiqadigan tashlamalarni rejali tarzda kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish
- qurilish maydonlarida changni bostirish choralarini qat’iy nazorat qilish va oʻsimlik qoplamidan mahrum boʻlgan ochiq yer maydonlarini keng koʻlamda koʻkalamzorlashtirish;
- havo yoʻlaklarini saqlab qolgan holda shaharsozlikni toʻgʻri va oqilona rejalashtirish.
Olimlarning asosiy xulosasi: ob-havo sharoiti ekologik vaziyatni bir necha barobar keskinlashtirishi mumkin, biroq aholi salomatligini muhofaza qilishda antropogen (inson faoliyati bilan bogʻliq) yukni kamaytirish va mintaqaviy hamkorlik bosh omil boʻlib qolmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102911 | Инструменты