Huawei 1
Toshkent metropolitenini TTZ dahasigacha olib borish 2 bosqichda amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxtimiz jamoat transportida metropolitenning o‘rni juda katta. Yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish maqsadida yangi yo‘nalishlar qurilmoqda. Yunusobod yo‘li Turkiston bekatigacha, Chilonzor yo‘li Sergeli tumanigacha uzaytirildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkentda yerusti metrosi ham paydo bo‘ldi – Do‘stlik bekatidan Sergeligacha bo‘lgan yerusti halqasi barpo etildi. Bu yangi yo‘nalishlar poytaxtimizning Yunusobod, Yashnobod, Bektemir, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarini bog‘lab, aholining kundalik qatnoviga katta qulaylik yaratdi.

Endi metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Bu bo‘yicha o‘tgan avvalgi muhokamalarda Prezidentimiz loyihani mablag‘ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Shu asosida tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumanining Feruza dahasigacha mavjud temir yo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi.

Hozirgi kunda shu tomondan poytaxtimiz markaziga bir kunda 47 mingta avtotransport, jami 194 mingta yo‘lovchi kirib kelishi kuzatilmoqda. Rejalashtirilgan yangi yo‘nalish 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilmoqda.

Taqdimotda loyihaning texnik va amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51921 | Инструменты