Huawei 1
Qonun moliyaviy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi

Joriy yil 4-mart kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, kredit rasmiylashtirish jarayonida shaxsning ishtiroki va roziligi shart qilib belgilandi. Endi fuqaro xabardor bo‘lmasdan yoki ishtirok etmasdan turib, uning nomiga kredit rasmiylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB operasion departamenti direktori o‘rinbosari Sardor Eshmurodov Qonunga kiritilgan boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning moliyaviy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muhim huquqiy qadam bo‘ldi.

Hujjatga muvofiq, jismoniy shaxslar o‘z nomlariga kredit olishni ixtiyoriy ravishda ta’qiqlash huquqiga ega. Bu borada fuqaro kredit byurosiga ariza taqdim etish orqali “kredit bitimi tuzish ta’qiqlangan shaxslar reyestri”ga kiritilishi mumkin. Reyestrdagi shaxslarga bank va moliya tashkilotlari tomonidan kredit ajratilishi ta’qiqlanadi. 

Ta’qiqni bekor qilish ham faqat fuqaroning o‘z xohishi bilan amalga oshiriladi.

Bunday choralar so‘nggi yillarda ko‘p kuzatilayotgan firibgarlik holatlari, jumladan, fuqarolar nomiga ularning xabari va roziligisiz kredit rasmiylashtirish, mablag‘larni o‘zlashtirish kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Kredit byurolari faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi
Qonunga binoan kredit byurolari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha yangi talablar joriy etildi. Jumladan:

• Kredit byurosi ustav fondining eng kam miqdori 2 milliard so‘m etib belgilandi;
• Qonun talablarini buzgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 ming baravarigacha jarima qo‘llanilishi mumkin;
• Lisenziyani qalbaki hujjatlar asosida olganlik, iste’molchi huquqlarini buzish yoki qonun talablariga rioya etmaslik holatlarida qattiq choralar ko‘riladi.

Shuningdek, Markaziy bank kredit bitimini tuzish ta’qiqlangan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona reyestrining yuritilish tartibini belgilaydi. Ushbu reyestr kredit byurolari tomonidan yuritiladi va banklar uchun majburiy manba hisoblanadi.

Xavfsiz va ishonchli moliyaviy muhit sari
Oxirgi yillarda mamlakatimizda moliyaviy xizmatlarga kirish imkoniyatini kengaytirish, bank xizmatlarini soddalashtirish va sifatini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq, mazkur jarayonda ayrim salbiy holatlar, ayniqsa, fuqarolar nomiga firibgarlik yo‘li bilan kredit olish holatlari ham kuzatildi.

Shu jihatdan qaraganda ushbu Qonun fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, kreditlash jarayonini shaffof va adolatli qilish, kredit axboroti bilan ishlovchi tashkilotlar faoliyatini qonuniy asosda tartibga solishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52000 | Инструменты