Huawei 1
To'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida islohotlar jadallashtiriladi

“To'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida islohotlarni jadallashtirish va eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–290-son, 19.09.2025-y.) qabul qilindi.

Qarorga ko'ra, to'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida 2026-yil uchun asosiy maqsadli ko'rsatkichlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

- ishlab chiqarish hajmi 9 foizga o'sishini ta'minlash va 146 trln so'mga yetkazish;

- eksportni 3,3 mlrd AQSH dollariga yetkazish.

Qarorga ko'ra, Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hisobidan tijorat banklari orqali 2022–2023-yillar paxta hosiliga ajratilgan kreditlardan qarzdorligi mavjud bo'lgan paxta-to'qimachilik klasterlari bo'yicha garov ta'minotini mol-mulk bilan to'liq ta'minlagan klasterlarga:

2025-yil 1-avgustdan faqat asosiy qarzni to'lashga hamda asosiy qarz tugagandan keyingi 12 oyda teng ulushlarda foiz to'lashga ruxsat etiladi;

- to'lov grafigi bo'yicha ham asosiy qarz, ham foizini o'z vaqtida to'lagan klasterlarga ushbu kreditlar bo'yicha Jamg'armaga joriy yil 1-avgustdan keyin undirilgan foiz summasining 50 foizi qaytarib beriladi;

- 2025-yil 1-avgust holatiga to'lanmagan foizlarga hisoblangan penya summalari hisobdan chiqariladi.

Qarorga ko'ra, 2025-yil paxta hosilini nobud qilmasdan, o'z vaqtida terib olishni ta'minlash maqsadida fermer xo'jaliklariga ular tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga, shu jumladan, klasterlarga birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 1 mln so'mdan subsidiya ajratiladi.

Klasterlar va tarmoq korxonalari o'z mablag'i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.

2025-yil 1-sentabrdan 3-yil muddatga:

- klasterlar, to'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalariga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi;

- belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro'yxatlar bo'yicha olib kiriladigan va O'zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan aralash mato va gazlama mahsulotlari, charm va ipak sanoati uchun zarur xomashyolar bojxona bojidan ozod etiladi.

Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlari soni 200 dan ortiq bo'lgan paxta-to'qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan tashkil etilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlariga oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun belgilangan shartlarda Davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92302 | Инструменты