Uzun tumanida ayol va uning 5 oylik chaqalog‘ini tutqunlikda saqlab kelganlarga nisbatan sud hukmi o‘qildi. 28 yoshli ayolning turmush o‘rtog‘i 13 yilga va ikki qarindoshi 9 yilga qamaldi, yana birining esa ozodligi cheklandi.
Taʼkidlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining hukmi bilan ayolning turmush o‘rtog‘i A.Sh. Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi:
126−1-modda (Oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik);
127-modda (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish);
25-modda (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish);
135-modda (Odam savdosi);
138-modda (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish).
Shuningdek, ayolning eri tomonidan qarindoshlari — ikki nafar ayol: M.Sh. va K.Sh. Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi:
104-modda (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish);
127-modda (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish);
25-modda (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish);
135-modda (Odam savdosi);
138-modda (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish)
Bundan tashqari, erkakning yana bir qarindoshi Z.A. yuqoridagi moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
«Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi», — deyiladi Oliy sud axborotida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11218 | Инструменты