3-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, harbiy xavfsizligini taʼminlash masalalari, shuningdek, joriy yil 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi koʻrib chiqildi.
Dunyoda keskinlik va mojarolar oʻchoqlari saqlanib qolayotgani, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xatar va tahdidlar xavfi ortib borayotgani taʼkidlandi. Ayrim mintaqalardagi harbiy harakatlar jiddiy gumanitar va iqtisodiy oqibatlarga olib kelayotgan notinch xalqaro vaziyat sharoitida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini taʼminlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mudofaa vaziri qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish, qism va boʻlinmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, harbiy-maʼmuriy sektorlar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.
Rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini oʻrganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, qoʻshinlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va raqamli boshqaruv yechimlarini keng qoʻllash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, harbiy-maʼmuriy sektorlar, poligonlar, taʼlim muassasalari va moddiy-texnik taʼminot obyektlari infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, zamonaviy qurol-yarogʻ va texnologiyalarni oʻzlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30319 | Инструменты