SSV: Kardiologiya markazining Qarshi filialida o‘tgan yili 2 167 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi

Yurak-qon tomir xastaliklari butun dunyoda o‘limning asosiy sababi hisoblanadi. Bu turdagi kasalliklarga chalinish holatlari yurtimizda ham ko‘p uchrayotgani kardiologiya xizmatini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Ushbu masala, ayniqsa, aholisining 42 foizida ortiqcha vazn muammosi sabab yurak qon-tomir va qandli diabet kasalligi ko‘paygan Qashqadaryo viloyatida dolzarb.

Davlat rahbarining 2017 yil 1 maydagi tegishli qaroriga asosan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali uchun yangi bino qurib berilishi natijasida bemorlar uchun ko‘plab yangi sharoit va qulayliklar yaratildi.

Ayni paytda ushbu tibbiyot muassasasida kunlik 100 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika, 120 o‘rinli stasionar, arterial gipertenziya, SYUYe va aritmologiya, YUIK va reabilitatsiya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik bo‘limlari, rentgenendovaskulyar jarrohlik operasion bloki, kardiojarrohlik operasion bloki mavjud.

Ta’kidlash joiz, 2023 yil davomida filialda stasionar va ambulator sharoitda jami 34 012 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Taqqoslash uchun – 2018 yilda bu ko‘rsatkich bor yo‘g‘i 4 336 nafarni tashkil etgan.

Bemorlarga sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida filial eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Buning natijasida so‘nggi ikki yilda 20 ga yaqin yangi yuqori texnologik diagnostika va davolash usullari joriy etildi.

Masalan, o‘tgan yil filial shifokorlari tomonidan 2 167 ta ochiq va yopiq turdagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Bu 2022 yilga nisbatan 475 taga ko‘p.  

– Mutaxassislarimiz nafaqat filial negizida, balki viloyatning olis va chekka hududlariga chiqqan holda mahalliy aholi uchun sayyor tibbiy ko‘riklar tashkil etyapti, – deydi filial direktori Yashin Ahmadov. – Xususan, o‘tgan yilda eng malakali shifokorlarimiz ishtirokida tumanlarda 105 ta sayyor tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Ularda murojaat etgan bemorlarning 815 nafariga tuman darajasida, 475 nafariga viloyat darajasida, 165 nafariga respublika darajasida davolanishga tavsiya berildi.

Mahalliy shifokorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘tgan yilda Rossiya, Belarus, Gruziya kabi davlatlardan kelgan chet ellik mutaxassislar tomonidan 97 ta mahorat darslari o‘tkazildi. O‘z navbatida, filialning 6 nafar xodimi nufuzli xorijiy klinikalarda malaka oshirib keldi.

Bir so‘z bilan aytganda, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali mutaxassislarining sa’y-harakatlari natijasida bugun vohada yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holatlari kamaymoqda, ularning profilatikasi kuchayib, aholining sog‘lom turmush tarzi afzalliklari haqidagi xabardorligi oshmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72709 | Инструменты