Huawei 2
Shotland guruhi o‘zbek qaroqchilari haqida qo‘shiq kuyladi

Shotlandiyaning "Alestorm" musiqiy guruhi o‘zbek qaroqchilari haqida kuyladi. "O‘zbekiston" nomli qo‘shiq o‘zining 2,4 mln obunachisiga ega YouTube kanaliga joylangan.

Shotland guruhi "O‘zbekiston" qo‘shig‘i videosini taqdim etdi, unda Markaziy Osiyo mamlakatining “qum dengizlarida sayr qilayotgan” xayoliy qaroqchilar haqida hikoya qilingan. Matnda xonandalar Orol dengizi va Samarqandni tilga oladilar. Qo‘shiq yakunida qahramonlar "O‘zbekistonga hech qachon bora olmasliklaridan nolishadi, chunki ular aytgan qo‘shiqlari uchun mamlakatda o‘limga hukm qilingan".

"Orda" nashrining yozishicha, guruhning qaroqchilar haqidagi qo‘shig‘i kontekstda  O‘zbekistonning tilga olinishi biroz kinoyali, chunki mamlakatning okeanga chiqish imkoni yo‘q. Jahon okeaniga chiqish uchun ham o‘zbekistonliklar kamida ikkita davlat hududini kesib o‘tishlari kerak. Ayni paytda qo‘shni davlatlar ham bunday  ne’matdan bebahra. Mamlakatdagi Orol dengizi ham qurib boryapti. Yana bir jihati O‘zbekistonda 2008 yilning 1 yanvardan boshlab, o‘lim jazosi bekor qilingan

“Maqsadimiz O‘zbekistondagi eng mashhur guruh bo‘lish. O‘ylaymanki, bu ashulamiz tarixiy jihatdan yuz foiz to‘g‘ri”, deyiladi "O‘zbekiston" klipi tavsifida.

Ma’lumot uchun, "Alestorm" folk-metal yo‘nalishida kuylaydigan guruh bo‘lib, uning qo‘shiqlari asosan qaroqchilarga bag‘ishlanadi. Ularning qo‘shiqlari "True scottish pirate metal" deb nomlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga