Huawei 2
Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga 6 mln yevro ajratdi

Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekistonga 6 million yevro mablag‘ ajratildi. Bu haqda YIning mamlakatdagi delegatsiyasi maʼlum qildi.

Mazkur mablag‘ mamlakatga qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlar olib borilishini rag‘batlantirish va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishda yaxshi natijalar ko‘rsatgani uchun taqdim etilgan.

Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2020−2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi amalini qo‘llab-quvvatlashga jami 20 million yevro ajratilishi ko‘zda tutilgan. Joriy va kelgusi yilda ham qo‘shimcha grantlar kutilmoqda.

"Dehqon xo‘jaliklarining rivojlanishi, o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga moslashishi, atrof-muhitni muhofaza qilishi hamda mahalliy va global qiymat zanjirining bir qismiga aylanishiga imkon beruvchi islohotlarga eʼtibor qaratmoqdamiz. Mablag‘lar YIning GSP+ kabi boshqa tashabbuslari bilan birga, Yevropa Ittifoqiga eksport hajmini oshirishga yordam beradi", — deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

Barqaror qishloq oziq-ovqat sektori Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston uchun uzoq muddatli indikativ dasturining (2021−2027-yillar) 3 ta strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Boshqa ustuvor yo‘nalishlar yaxshi boshqaruv va inklyuzivlik hamda ekologik va raqamli o‘sishlardan iborat. Dastur doirasida 2021-yildan buyon mamlakatga deyarli 76 million yevro ajratilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga