Huawei 2
Surxondaryo viloyatida o‘rik pishdi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi meva bog‘larida o‘rik pishdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tumandagi MCHJ tomonidan barpo etilgan o‘rikzorlarda innovatsion texnologiyani muvaffaqiyatli qo‘llanishi hisobiga ekinlar barvaqt hosilga kirgan. 2020-yilda tashkil etilgan korxonada o‘tgan qisqa vaqt ichida qariyb 102 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish orqali o‘rik (mikado, magadant, kaloroda, maykod, lidegod, sinishkod, rubitsa, kasinko, radova) va shaftoli (nektar) parvarishlash yo‘lga qo‘yilgan.

"Hosilni yig‘ib olishga jadal kirishgan bog‘bonlar xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan, darmondoriga boy neʼmatni Rossiyaga eksport qilishga ham kirishdilar", — deyiladi xabarda.

Hozirda 600 nafar mavsumiy va 16 nafar doimiy ishchi o‘rni yaratilgan korxonada hosilni yig‘ishtirish, saralash va qadoqlash ishlari jadal olib borilmoqda. Ko‘chatlar 3-4 yillik bo‘lgani sabab, gektaridan qariyb 25 tonnadan hosil olinyapti.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida 80-100 tonnagacha hosil olish rejalashtirilgan bo‘lib, birgina joriy yil mavsum davomida o‘rikning o‘zidan qariyb 1500 tonna atrofida hosil olish va chet davlatlarga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga