“Bu musobaqalarda mag‘lublar bo‘lmadi” — Prezident musobaqa ishtirokchilari va murabbiylarni tabrikladi

Aziz farzandlarim!

Hurmatli ota-onalar, qadrli ustoz va murabbiylar!

Avvalo, barchangizni mamlakatimiz sportida muhim voqeaga aylangan Prezident Olimpiadasi musobaqalarida munosib ishtirok etganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Ushbu nufuzli bellashuvlar faqat birinchilik uchun kurashish emas, teran falsafaga ega bo‘lgan tarbiya va ma’naviyat anjumani sifatida ham o‘tganini ta’kidlash lozim. Qizg‘in ruhdagi musobaqalar o‘g‘il-qizlarimiz o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stlik muhitini yanada mustahkamlab, ularning sport va hayot haqidagi bilimlarini, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yuksaltirgani ayniqsa muhimdir.

Bu o‘yinlar Yangi O‘zbekistonda olimpiya harakatini yanada rivojlantirish borasida mutlaqo yangicha yondashuv va milliy tajriba asosida tashlangan ulkan amaliy qadam sifatida ham alohida ahamiyatga ega.

Eng muhimi, ushbu tizim g‘alabaga chanqoq, shijoatli va tirishqoq ming-minglab sportchi yoshlarimiz uchun katta imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, hududlarimiz o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirmoqda.

Ikki haftadan ortiq vaqt mobaynida kechgan murosasiz bellashuvlarda qayd etilgan yuqori natija va rekordlar musobaqalarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Ayniqsa, qashqadaryolik qizimiz Kumush Ko‘chkinova qat’iy iroda ko‘rsatib, bir yo‘la sportning ikki turi – dzyudo va kurash bo‘yicha oltin medallarni qo‘lga kiritib, o‘z muxlislariga yorqin hayajonli daqiqalarni taqdim etdi.

Toshkentlik Aisha Yenina esa badiiy gimnastikaning yakka ko‘pkurash, tasma va to‘p bilan mashqlarida – uchta oltin, shuningdek, halqa yo‘nalishida – kumush, bulavalar bilan mashqda bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z nomini ushbu o‘yinlar tarixiga muhrlab qo‘ydi.

Shiddatli bahslarda yana bir qancha yoshlarimiz ham rekord natijalarga erishib, Yangi O‘zbekistonda qanday iste’dodli avlod voyaga yetib kelayotganini namoyon etishdi. Xususan, Toshkent viloyati vakili – og‘ir atletikachi qizimiz Mushtariy O‘rolova 60 kilogrammdan yuqori vazn toifasida dast ko‘tarishda 109 kilogramm, siltab ko‘tarishda 136 va ikki kurash yakuniga ko‘ra 245 kilogramm natija bilan jahon rekordini o‘rnatganini, Sherdor Eshpo‘latov, Ikrom Mo‘minboyev, Behro‘z Hasanov, Soliha Bahodirova, Dilfuza Yo‘ldosheva, Zuhra Ibrohimova esa ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston rekordini yangilagani hamda parasuzish bo‘yicha andijonlik Hikmatulla Haydaraliyev, qoraqalpog‘istonlik Shahnoza Yerejepbayeva 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritganini faxr bilan qayd etamiz.

Sirdaryolik yengil atletikachi qizimiz Durdona Jumanqulova uch kurash bellashuvlarida 2014 ochko jamg‘arib, bu toifadagi bellashuvlarda 14 yoshli sportchilarimiz orasida eng yuqori natijaga erishgani ham barchamizni mamnun etdi.

Ishonchim komil, bugun yurtimiz maydonlarida toblangan bunday g‘olib va muzaffar farzandlarimiz kelgusida qit’a va jahon birinchiliklarida, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ham Vatanimiz sharafini albatta munosib himoya qiladi.

O‘ylaymanki, bu musobaqalarda mag‘lublar bo‘lmadi. G‘olib va sovrindorlarimiz qatorida bellashuvlarda qatnashgan har bir sportchi o‘zi uchun zarur bilim va tajriba to‘pladi. Shu bois kelgusida ular ham albatta g‘oliblar safida bo‘ladi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Fursatdan foydalanib, farzandlarimizning katta sportda o‘z o‘rnini topishi uchun ularga yelkadosh bo‘lib kelayotgan aziz ota-onalarga, ularning eng yaqin maslahatchisi va tarbiyachisi bo‘lgan jonkuyar ustoz va murabbiylarga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Qadrli yoshlar!

Barchamizning faxrimizga aylanayotgan Olimpiadamizda sizlar erishgan natijalar – dunyo maydonlari sari tashlangan dadil qadamdir. Oldinda sizlarni yanada katta mehnat, iroda va matonat talab etadigan marralar kutib turibdi.

Tilagim – O‘Z kuchingizga bo‘lgan ishonchni hech qachon yo‘qotmang, O‘Z ustingizda ishlashdan aslo to‘xtamang!

Haqiqiy chempionlar, chinakam alp pahlavonlar faqat g‘alaba bilan emas, balki qiyinchiliklarni mardona yengib, maqsad sari qat’iy intilishi bilan ham ibrat va namuna ko‘rsatadi.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat va kelgusi musobaqalarda yanada yuksak zafarlar yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110720 | Инструменты