Davlat rahbari yurtdoshlar bilan suhbatlashib, ularning hayoti, oʻqishi va kelajak rejalari bilan qiziqdi.
Amaliy tashrif bilan Anqara shahriga kelgan Prezidentni Turkiyadagi vatandoshlarimiz samimiy kutib oldi.
– Yana bir bor vatandoshlarimni koʻrib turganimdan xursandman. Qayerda boʻlmanglar, bir daqiqa ham vaqtingizni behuda oʻtkazmanglar. Doimo ilmga, bilim olishga, oʻrganishga intilinglar. Bu jonajon Vatanimiz, buyuk Oʻzbekistonimiz kelajagiga qoʻshadigan hissangiz boʻladi, – dedi Prezident.
Muloqotda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor mamlakatning uzoq istiqboli bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi. Davlat rahbari ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy merosi va qadriyatlari tiklanayotganiga to‘xtalib, vatandoshlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ko‘makdosh bo‘lishiga ishonch bildirdi.
– Men vatandoshlarimizni doimo sog‘inib, eslab yuraman. Sizlarning yaxshi yashashingiz, Vatanga qaytib, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘sha olishingiz uchun O‘zbekistonda barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Ilm olish, bilim egallash, uy-joyli bo‘lish uchun imkoniyatlarni kengaytiryapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev va vatandoshlarga muvaffaqiyatlar tiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102920 | Инструменты