Huawei 1
Senat Samarqandda tadbirkorlik faoliyatiga eng ko‘p asossiz aralashgan tashkilotlarni ma’lum qildi

Samarqandda viloyatida joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlarining soni 2023-yilga nisbatan 10,5 mingtaga kamaygan. Bu haqda Senat ishchi guruhining Samarqand viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlari yuzasidan bergan axborotida ma’lum qilindi.

O‘rganish jarayonlarida hokim yordamchilari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqishda belgilangan muddatlar buzilgani va aniqlangan bo‘sh yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish ishlari samarasiz tashkil etilgani aniqlangan.

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuv va erkin raqobat muhitini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, viloyatdagi nazorat organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda 2 ming 266 ta qonun buzilishi holati aniqlangan, shundan 4 tasida noqonuniy tekshirish va 2 ming 262 tasida tekshirish o‘tkazish tartibini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Ularning 55 foizi Transport boshqarmasi va 33 foizi O‘simliklar karantini inspeksiyasi xodimlari tomonidan sodir etilgan.

3 ming 497 ta tadbirkorlik subyekti iqtisodiy qiyinchiliklar sababli o‘z faoliyatini to‘xtatgan, — deyiladi Senat axborotida.

“Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, murojaatlarning 205 tasi bo‘yicha ko‘rib chiqish muddati buzilgan. Jumladan:

  • Samarqand shahri,
  • Past Darg‘om,
  • Urgut,
  • Ishtixon,
  • Narpay,
  • Payariq,
  • Bulung‘ur tumanlarida tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqilishida qonun buzilishga yo‘l qo‘yilgan.

Senat ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish va sarmoyalarni jalb qilish yo‘nalishida mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga