Huawei 2
Senat: Bojxona bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etishga oid qo‘mita qarori qabul qilindi

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida bir qator qonun va parlament nazorati doirasida olib borilgan ishlar natijasi ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunning bojxonaga oid huquqbuzarliklarning bevosita predmeti bo‘lgan tovarlar va boshqa qimmatliklarni ushlab turishga oid qismining Toshkent viloyati va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari tasarrufidagi chegara va tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida ijro etilishi holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi. 

Qayd etilganidek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Bojxona qo‘mitasi tomonidan “Bojxona rasmiylashtiruvi markazi” tashkil etilib, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” posti, “Targetlash”, “Ma’lumotlarni qayta ishlash” va Call- markazlari zamonaviy standartlarga muvofiq jihozlangan. 

Boshqarmalar hamda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan 2023-yil hamda joriy yilning birinchi choragida huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha aniqlangan 850 holatda qariyb 65 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar sud va tergov organlari qarorlari asosida egalariga qaytarilgan. 

Bojxona organlari tomonidan tovar-moddiy boyliklarning O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy kirib kelishi hamda aylanuvining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan. 

Jumladan, boshqarmalar hamda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan 2023-yil hamda joriy yilning birinchi choragida 14 ming 146 holatda 216,8 milliard so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanuviga chek qo‘yilgan. 

Shu bilan birga, sohada ayrim muammo va kamchiliklar mavjudligi aytib o‘tildi. Xususan, ayni vaqtda bojxona to‘lovlarini undirish uchun har bir bojxona organining alohida hisob raqamlari mavjud. Mazkur holat mamlakatimizning bir qator hududlarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun noqulaylik va qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Ya’ni, ular bojxona boshqarmalariga to‘lovlarni o‘tkazishda ovoragarchilikka duch kelmoqda. 

Zero, Bojxona kodeksining 355-moddasida ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarining summalarini qaytarish to‘g‘risidagi ariza shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlari kiritilgan bojxona organiga topshirilishi belgilangan. 

Vaholanki, bojxona to‘lovlari mahalliy byudjetga emas, respublika byudjetiga tushadigan tushum hisoblanadi. 

Yana bir muammo. Amaldagi normativ hujjatlarda jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan biologik faol qo‘shimchalarni tegishli ruxsatnomalarsiz olib kirish tartibi va me’yorlari belgilanmagan. Amaliyotda bu holatlar turli tushunmovchiliklarni yuzaga keltirmoqda, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 

Bundan tashqari, bojxona organlari tomonidan olib qo‘yilgan va ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bevosita foydalanish uchun yaroqli deb topilgan dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini tasarruf etish bilan bog‘liq huquqiy asoslar mavjud emas. 

Sud va tegishli organlar qarori bilan egalariga qaytarilgan tovarlarni saqlash, ekspertiza va baholashni o‘tkazish, transport xarajatlarini qoplash jarayoni ham tartibga solinmagan. 

Bojxona organlarining axborot tizimlari orqali qayd etilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqishning soddalashtirilgan elektron tartibi joriy etilgan. Biroq, axborot tizimining samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar ajratilmayapti. 

Mamlakatga vaqtincha olib kirilgan transport vositalari ustidan bojxona nazoratini ta’minlashda samarali mexanizmlar yaratilmagan. 

Xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga qo‘yiladigan talablar hamda xalqaro kurerlik jo‘natmasi tushunchalari normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmagan. 

Kurerlik jo‘natmalarini respublika hududiga olib kirish chog‘ida jo‘natmalarni bevosita qabul qiluvchi shaxsga tegishli ma’lumotlar kurerlik tashkilotlariga taqdim etilishi oqibatida keyinchalik mazkur ma’lumotlardan kurerlik tashkilotlari tomonidan fuqarolarning ruxsatisiz foydalanish holatlari kuzatilmoqda. 

Xususan, kurerlar tomonidan 2022–2023-yillar davomida 200 nafardan ortiq fuqaroning shaxsga doir (pasport) ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanilgan. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga