Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun jazo choralari kuchaytirilgani yuzasidan munosabat bildirdi.
Uning qayd etishicha, joriy yilning 28 iyunidan boshlab ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunchilik normalari kuchga kirgan.
Endilikda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar ikki baravar oshirilgan. Shuningdek, bunday huquqbuzarliklar uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Qonunchilikka muvofiq, bu kabi noqonuniy xatti-harakatlarni takroran sodir etgan shaxslar esa jinoiy javobgarlikka tortilishi va ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bunday qonunlar faqat aybdorlarni jazolash uchun emas, balki jamiyatda qanday qadriyatlar ustuvor ekanini namoyon etish uchun ham qabul qilinadi.
«Barchamiz zo‘ravonlikka murosasiz munosabatda bo‘lsakkina, jamiyatimizda xavfsizlik hukm surishi mumkin. Alloh yaratgan har bir mavjudotning qadri bor», - deya qayd etdi u.
Prezident administratsiyasi rahbari, shuningdek, bolalarda hayvonlarga va boshqa tirik mavjudotlarga mehr-oqibat tuyg‘usini shakllantirishda ota-onalarning o‘rni muhimligini ta’kidlab, farzandlarga kuchni shafqatsizlik orqali namoyon etish mumkin emasligini bolalikdan o‘rgatish zarurligini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80401 | Инструменты