Qonunchilikda ko'chmas mulkga taqiq qo'yish tartibi qanday?
Bu savolga Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O'rinboyeva javob berdi.
Uyimni sotmoqchi edim. Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun notariusga borganimda, uy taqiqda ekanligini aytishdi. Qonunchilikda ko'chmas mulkga taqiq qo'yish tartibi haqida tushuntirib bersangiz.
Qonun xujjatlarida belgilangan hollarda, shuningdek, banklar hamda boshqa kredit va tegishli tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga uy, kvartira, uy yoki kvartiraning bir qismi va boshqa ko'chmas mulk sotib olish yoki qayta ta'mirlash va boshqa maqsadlarda berilgan qarzlarning qaytarilishini ta'minlash uchun ko'chmas mulk garovga qo'yilgan bo'lsa, garov shartnomalarini tasdiqlash vaqtida mazkur ko'chmas mulk joylashgan hudduddagi davlat notariusi ko'chmas mulkka nisbatan taqiq qo'yadi va bu haqda “Yergeodezkadastr” davlat qo'mitasi hududiy bo'linmasiga xabarnoma yuboradi.
Ko'chmas mulkka nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatga notarius tomonidan taqiq qo'yilgani haqida belgi qo'yiladi va taqiqlar hisobini olib borilishi belgilangan davlat notarial idorasiga ma'lumot yuboriladi.
Mol-mulkka taqiq qo'yish quyidagi tashkilot yoki organlar tomonidan amalga oshiriladi:
- sud tergov, prokuratura organlari,
- sud ijrochilari,
- davlat notarial idorasi notariuslari.
Ko'chmas mulkni boshqa shaxsga o'tkazish taqiqlangani va xatlangani to'g'risidagi xabarlar davlat notarial idorasida mavjud taqiqlar va xatlovlarni ro'yxatga olish kitobiga kiritilib qo'yiladi va lozim hollarda tegishli hujjatlarga asosan yuqoridagi organlar tomonidan taqiq bekor qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51108 | Инструменты