Ijtimoiy tarmoqlarida qo‘qonlik tabib – Iqbol Saliyevga nisbatan maʼmuriy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar tarqaldi.
Farg‘ona viloyati IIB bergan maʼlumotga ko‘ra, xalq orasida tabiblik bilan shug‘ullanib, «bio nur» sohibi sifatida tanilgan I.Saliyevning faoliyati qonuniyligi o‘rganilganda «Xalq tabobati» faoliyat turi bo‘yicha soliq organlarida 2020 yilning avgustida ro‘yxatdan o‘tgani, biroq O‘zbekiston xalq tabobati Assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnoma muddati 2024 yilning 21 dekabrida tugaganligi maʼlum bo‘lgan.
Unga nisbatan Qo‘qon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudiga yuborilgan. Sud tomonidan 2025 yil 10 yanvar kuni Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasi (Xalq tabobati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan, 7,5 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari fuqarolarning eʼtirozlariga sabab bo‘lganligi inobatga olinib, IIO xodimlari tomonidan rasmiy ogohlantirilgan.
Biroq I.Saliyev takroran o‘z faoliyatini davom ettirib, videoroliklarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab kelganligi aniqlanib, joriy yil 27 noyabr kuni Qo‘qon shahar IIB tomonidan unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasi 3-qismi (Xalq tabobati sohasida faoliyat olib borish uchun tegishli huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatish hamda mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda tegishli tartibda sud organiga yuborilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121620 | Инструменты