Chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi takomillashtiriladi

“Chet el fuqarolariga qo'shilgan qiymat solig'ini qaytarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–78-son, 05.03.2026-y.) qabul qilindi.

Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan ko'zlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi, jumladan:

- chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi qamrovini kengaytirish;

- 2026–2027-yillarda chet el fuqarolari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 baravarga oshirish.

Qarorga ko'ra, 2026-yil 1-apreldan:

- respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yo'lga qo'yiladi;

- chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan QQSni naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi. Bunda qo'shilgan qiymat solig'ining belgilangan stavkasi miqdorining 85 foizi chet el fuqarosiga qo'shilgan qiymat solig'i summasini qaytarishga, 15 foizi “tax free” tizimi operatorining xizmatlariga yo'naltiriladi;

- QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan ko'p bo'lmagan muddatda amalga oshiriladi;

- chet el fuqarolariga QQSni qaytarishda minimal xarid qiymati QQSni inobatga olgan holda 300 ming so'm etib belgilanadi;

- “tax free” tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan ro'yxati (bundan oziq-ovqat mahsulotlari mustasno) bekor qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30614 | Инструменты