Huawei 1
Paxta mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 3 mansabdor jazolandi

O‘zbekiston hududlarida paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlar jazolandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, paxta mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash maqsadida monitoring ishlari olib borilmoqda.

Xususan, 10−20 sentyabr kunlari o‘tkazilgan monitoring davomida 300 dan ortiq terimchilar bilan mavsumiy mehnat shartnomalari tuzilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, 11 ta holatda mehnat qonunchiligi buzilishi aniqlanib, mansabdor shaxslarga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish — BHMning 5 dan 10 baravarigacha jarima bilan jazolanadi, bir yil ichidagi takroriy holatda — 10 dan 15 baravarigacha) asosan javobgarlik choralar belgilandi.

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 3 nafar mansabdor shaxslarga MJTK 51-moddasi 1-qismiga (Mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash — BHMning 50 dan 100 baravarigacha jarima bilan jazolanadi) ko‘ra chora ko‘rildi.

O‘zbekistonda majburiy mehnatning har qanday shakli qatʼiy taqiqlangan va qonun buzuvchilarga nisbatan javobgarlik belgilanishi taʼminlanadi, eslatdi vazirlik.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92623 | Инструменты