Huawei 2
O'zbekistonda aholini ro‘yxatga olish uchun 800 mlrd so‘m mablag‘ talab etilishi ma'lum qilindi

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish 2025-2026 yillarga mo‘ljallanyapti. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu tadbirni o‘tkazish uchun 800 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi. Bu haqda 27 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining savoliga javoban Statistika agentligi boshqarma boshlig‘i Qobiljon Berdiqulov maʼlum qildi.

“2019 yilda aholini ro‘yxatga olish ishlari boshlangandi. 2021 yilda 4 ta hududda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazdik. Bunda aholini ro‘yxatga olishning 3 ta usulini testdan o‘tkazdik. Hozir respublika bo‘yicha aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. 2020 yilda pandemiya tufayli bu tadbir qoldirildi.

Bu juda katta mehnat talab qiladigan tadbir bo‘lgani uchun uning moliyaviy va texnik tomonlarini ko‘rib chiqib, tizimimizni takomillashtirgan holda 2025-2026 yillarda o‘tkazish reja qilingan. Butun tadbirni o‘tkazish uchun 800 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi”, – dedi Qobiljon Berdiqulov.

Maʼlumot uchun, 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun respublika byudjetidan 10 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 2024 yilgi byudjetda bu yo‘nalishdagi xarajat 18 mlrd so‘m bo‘lishi belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga