Huawei 2
Gretsiyada Ikkinchi Jahon urushi davridagi bombalar topildi

Afinada sobiq Ellinikon aeroporti hududida ish olib borilayotganida Ikkinchi Jahon urushiga oid 300 dan ziyod bomba topildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 314 ta bomba qurilish vaqtida topilgan va nazorat ostida portlatilib, yo‘q qilingan. Bombalar bolalar bog‘chalari va sport inshootlari ostida joylashgan.

“Fojia shundaki, nemislar saqlagan 314 ta bomba to‘g‘ridan to‘g‘ri Pontik Ittifoqining sobiq obyektlari, bizning bog‘chalar va sport inshootlari ostida, shuningdek, Olimpiya obyektlari yaqinida 2 metr chuqurlikda bo‘lgan. Bu joylarga har kuni minglab odamlar tashrif buyuradi. Yaxshiyamki, hech qachon vayronagarchilik yoki portlash qayd etilmagan. Mina maydonida aeroport va o‘nlab munitsipal hamda fuqaro aviatsiyasi obyektlari faoliyat yuritgani hayratlanarli”, — dedi Elliniko-Argirupoli tumani meri Yannis Konstantatos.

Ellinikon aeroporti Afina markazidan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, u 2001-yilgacha ishlagan va 2004-yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun Elefterios Venizelos xalqaro aeroporti qurilganidan keyin yopilgan.

Endilikda sobiq aeroport o‘rnida turar joy, ko‘ngilochar majmua, kazino, mehmonxona va istirohat bog‘i, shuningdek, balandligi deyarli 200 metr bo‘lgan osmono‘par bino qurilishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga