Huawei 1
O'zbekiston oliy o'quv yurtlariga o'qishga kirish uchun hujjat qabul qilish muddati tugashiga 10 kun qoldi

O’zbekiston oliy o'quv yurtlariga hujjat topshirish jarayoni ayni paytda avj olgan. Qabul komissiyasining ish boshlaganiga ham ikki haftadan oshmoqda. Kun sayin oliy o'quv yurt maskanlarida abituriyentlarning soni ortib bormoqda. Abituriyentlarning aksariyat qismi oliy o'quv yurtlarining qaysi yo'nalish bo'yicha hujjat topshirishni oldindan o'ylab qo'ygan bo'lsa, ba'zilari esa hali bir qarorga kela olmagan.

Eslatib o'tamiz, oliy o'quv yurtlarga hujjat topshirish jarayoni 20 iyundan 20 iyulgacha davom etadi. Mazkur bilim dargohlarida ta'lim olishlari uchun tashkillashtiriladigan har yilgi test imtixonlari bu yil ham 1 avgust kuni bo'lib o'tadi. Ba'zi oliy o'quv yurtlarida abiturentlar o'zlari tanlagan yo'nalishlari bo'yicha qo'shimcha tarzda  tasdiqlangan fanlar bo'yicha ijodiy imtihon ham topshiradilar.

Avval xabar berganimizdek, davlat rahbarining 2013 yil 11 iyun kuni qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi oliy o'quv yurtlariga 2013-2014 o'quv yili uchun qabul haqida” qaroriga binoan O'zbekiston oliy o'quv yurtlari 2013-2014 o'quv yilida 62,9 mingdan ortiq talabani o'qishga qabul qilib, ulardan 56 607 kishi bakalavriat yo'nalishiga, 19120 kishi davlat granti asosida va 37487 kishi esa shartnoma to'lov asosida qabul qilinadi. Mazkur qarorda 2013-2014 o'quv yili uchun magstraturaga 6,3 ming kishi, shu jumladan 1548 ta davlat granti, 4752 shartnoma to'lov asosida qabul qilinadi.

Abituriyentlarning o'qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 20 iyundan 20 iyulgacha, O'zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 20 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

Abituriyent ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:

ta'lim yo'nalishi, o'qitish tili va shakli ko'rsatilgan holdagi ariza;

o'rta yoki o'rta maxsus ma'lumot haqidagi hujjatning asl nusxasi;

086/U-shakldagi tibbiy ma'lumotnoma;

fuqarolik pasporti nusxasi;

3,5x4,5 sm o'lchamdagi 6 dona fotosurat;

papka (skorosshivatel) 2 dona, konvert 2 dona

Bundan tashqari, abituriyent qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatini shaxsan ko'rsatadi.

Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqa g'oliblari o'qishga tanlovsiz kirish huquqini beruvchi hujjatning asl nusxasini ham taqdim etadi.

Muddatli harbiy xizmatni o'tagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo'lgan abituriyentlar tegishli tavsiyanomani ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga 20 iyulgacha taqdim etishlari shart, aks holda undan keyin topshirilgan tavsiyanomalar qabul qilinmaydi.

Maxsus sirtqi bo'limga qabul faqat tegishli yoki turdosh ta'lim yo'nalishiga muvofiq o'rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga hamda sohada kamida uch yil amaliy ish stajiga ega bo'lgan, ishlab turgan sohadan tavsiyanoma berilgan kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.

Maxsus sirtqi bo'limlarga o'qishga kiruvchilardan qo'shimcha ravishda quyidagi hujjatlar ham talab qilinadi:

ish joyidan tavsiyanoma xat;

mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko'chirma.

Abituriyent hujjatlarining to'liqligi tekshirilgandan so'ng web-kamera orqali suratga tushiriladi va hujjatlari qabul qilinadi. Suratga tushirish uchun alohida burchak yoki xonalar tashkil etiladi. Ushbu surat abituriyentlar bazasiga kiritiladi va DTMga yuboriladi. Suratga tushmagan abituriyentning hujjatlari qabul qilinmaydi.

Abituriyentlar tomonidan qayd etilgan talablar bajarilganda ularning hujjatlarini qabul qilib olinadi va qabul qilinganligi to'g'risida tilxat beriladi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarni o'tkazish tartibi to'g'risidagi Nizom”da qabul komissiyalarini tashkil etish va ularning asosiy vazifalari belgilab berilgan.

Oliy ta'lim muassasalarida o'qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus talim vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qabul komissiyalari tashkil etilgan. Uzreport muxbiri oliy o'quv yurtlarida tashkil etilgan qabul komissiyalari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida bo'lib, ushbu oliy o'quv yurtida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Universitet qabul komissiyasi faoliyati yuqorida qayd etib o'tilgan barcha talablar asosida tashkil etilgan. Abituriyentlar va ularning ota-onalariga universitet xodimlari va professor-o'qituvchilaridan iborat qabul komissiyasi xizmat ko'rsatmoqda, qabul va yo'nalish bo'yicha kerakli ma'lumot va maslahatlarini bermoqdalar. Qabul jarayonini yuqori darajada uyushqoqlik bilan, tartibli ravishda tashkil etilgan, test jarayonining xolisona va adolatli o'tishini ta'minlash, abituriyentlarga ularning test sinovlari jarayonidagi vazifalari, huquq va majburiyatlarini tushuntirilmoqda, test sinovlarini o'tkazish bilan bog'liq barcha zarur sharoitlar yaratilgan hamda test sinovlari natijalari bo'yicha abituriyentlar va ularning ota-onalariga to'liq ma'lumotlar berilmoqda.

Ma'lumot uchun: O'zbekiston Davlat test markazining bergan ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda O'zbekiston oliy maktabi tizimi 58 oliy o'quv yurtini, shu jumladan 16 universitet va 42 institutni o'z ichiga oladi, ularda 164 ming talaba ta'lim olmoqda; 16 universitetning o'n ikkitasi O'zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki ikki yilda tashkil topdi. Respublika oliy o'quv yurtlarida ishlayotgan 18,5 ming o'qituvchining 52 foizi fan doktori va fan nomzodlaridir.

Izohlar: 12
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90400 | Инструменты