Joriy yilning 1 may kuni Yer yuzidagi eng keksa inson sifatida qayd etilgan, 116 yoshli braziliyalik rohiba Ina Kanabarru Lukas vafot etganidan so‘ng, uning o‘rnini britaniyalik 115 yoshli Etel Katerxem egalladi.
Angliyaning Surrey shahrida yashovchi bu kampir ushbu unvonga 115 yosh va 252 kunlik davrida sazovor bo‘ldi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot O‘zbekistonda 130 bahorni ko‘rgan, uch asrni ortda qoldirgan Huvaydo momo Umarova haqida xabarlar tarqaladi.
12 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva turmush o‘rtog‘i, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Umarov bilan birga Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida yashovchi, 1895 yilda tug‘ilgan ushbu nuroniyni ko‘rgani bordi.
“Ular so‘zlab turgan paytda, otam va onamga ham uzoq va barakali umr nasib etishini qalban Allohdan so‘radim”, deb yozadi Shahnoza Mirziyoyeva.
Otabek Umarov esa Ginnesga kiritilgan eng keksa ayol 116 yoshda ekanini, biroq O‘zbekistonda Huvaydo momo borligini ta’kidlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51300 | Инструменты