O‘zbekistonda kishi boshiga yiliga 12,4 kg o‘simlik yog‘i to‘g‘ri keladi - “O‘zyog‘moysanoat”
Bugun, 7 oktabr kuni AOKAda “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda aholini o'simlik moyi bilan ta'minlash, narx barqarorligiga erishish bo'yicha ko'rilayotgan choralar haqida so'z bordi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan yillik ehtiyoji 483 ming tonnani tashkil etadi. Uning 251 ming tonnasini mahalliy xom ashyo, 45 ming tonnasini import xom ashyosi hisobiga ishlab chiqarilgan o‘simlik moyi hisobiga qoplanadi, shuningdek, yiliga o‘rtacha 187 ming tonna import qilingan tayyor o‘simlik moyi aholi istemoli uchun yo‘naltiriladi.
Respublikamizda iste’mol qilinayotgan o‘simlik moyining 230 ming tonnasini kungaboqar moyi, 203 ming tonnasini paxta moyi, 48 ming tonnasini zig‘ir, palma, maxsar, zaytun va boshqa moylar tashkil etadi.
Mamlakatda 500dan ortiq yirik va kichik yog‘-moy korxonasi mavjud bo‘lib, shundan 300 tasi sanoat korxonasi, 200dan ortig‘i kichik korxona hisoblanadi.
Shuningdek, ichki bozorda yog‘-moy mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz rahbari tomonidan bir qator meyo’riy hujjatlar qabul qilindi, jumladan:
Prezident tomonidan 2021 yil 29 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Natijada 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya donini olib kirish hamda o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizasiya qilish bo‘yicha aylanma qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilning 27 oktyabridagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni ilovasining 7-bandiga asosan bundan buyon paxta texnik chigitini to‘liq texnologik sikl (mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinasiyalash, dezodorasiyalash va qadoqlash syexlari)da qayta ishlangan mahsulotlar tegishli gigiyenik xulosasi va muvofiqlik sertifikatlariga ega mahalliy korxonalarga birja savdolari orqali realizasiya qilinadi. Bu esa ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmining oshishiga va uning sifati yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71712 | Инструменты