Huawei 1
“Termiz” umumqoʻshin poligonida Oʼzbekiston va Rossiya harbiy xizmatchilari ishtirokida “Hamkorlik-2025” oʼquv mashgʼuloti boshlandi

Janubi-gʻarbiy harbiy okrugga qarashli “Termiz” umumqoʻshin poligonida Oʼzbekiston va Rossiya harbiy xizmatchilari ishtirokida “Hamkorlik-2025” oʼquv mashgʼuloti boshlandi.

“Noqonuniy qurollangan tuzilmalarni yakson qilish boʼyicha qoʼshinlar maxsus harakati” mavzusida oʻtkazilayotgan hamkorlikdagi xalqaro oʻquv kecha, 14-iyul kuni tantanali ochildi. Unda ikki davlat Mudofaa vazirligi masʼullari soʻzga chiqib, oʻquvning maqsad va vazifalariga alohida toʻxtalib oʻtishdi. Xususan, mazkur oʻquv amaliyoti ikki mamlakat harbiy xizmatchilarining bilim va tajribalarni mustahkamlash, choʻl sharoitida jangovar operatsiyalarni olib borishda koʻnikmalarini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi taʼkidlandi.

Davlatlararo harbiy hamkorlikni rivojlantirish va jangovar birodarlikni mustahkamlash, maxsus harakatlarga tayyorgarlik koʻrish va olib borishda boshqaruv organlarining koʻnikmalarini oshirish, birgalikdagi jangovar operatsiyalarga tayyorgarlik koʻrish va olib borishda tajriba almashish, zamonaviy jangda qoʻllanilayotgan taktik harakatlarni muvofiqlikda bajarish kabi maqsadlar oʻquvning gʻoyasini tashkil etadi.

Oʻquv mashgʻulotlariga 400 ga yaqin harbiy xizmatchilardan iborat maxsus boʻlinmalar jalb qilingan boʻlib, Rossiya tomon oʻzlarining harbiy texnikalari bilan ishtirok etmoqda. Ikki davlat harbiy xizmatchilari jangovar vaziyatda boʻlinmalarni hamkorlikda boshqarish, davlat chegarasini daxlsizligini taʼminlash va shartli dushmanni yoʻq qilish kabi turli maxsus topshiriqlarni olib borishadi.
Oʻquv doirasida jangovar tayyorgarlik boʻyicha turli mashgʻulotlar, madaniy-hordiq tadbirlari hamda sport musobaqalari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, 10 kun davom etadigan oʻquv mashgʻulotlari ikki davlat oʻrtasida imzolangan harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71700 | Инструменты