Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan avtomobilni sotishdan oldin uning bosib o‘tgan masofasini yashirgan shaxslarni javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda foydalanilgan transport vositalarini yuqori narxlarda sotish maqsadida odometr — avtomobilning bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi asbob — ko‘rsatkichlarini soxtalashtirish holatlari uchramoqda. Shu sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 121-1-modda kiritish taklif etilgan.
Mazkur modda transport vositasi egasining avtomobil sotilishidan oldin xaridorni odometr ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki asbobning o‘zi almashtirilgani haqida xabardor qilmagan holatlarini qamrab oladi.
Loyiha bo‘yicha, bunday qoidabuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha, ya’ni 4,12 million so‘mdan 6,18 million so‘mgacha jarima belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 2025-yil 20-noyabrgacha davom etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111317 | Инструменты