Huawei 1
O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aviaparvozlar soni haftasiga 28 taga oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi PF-158-son farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 53-maqsadiga muvofiq 2030 yilga qadar aviaqatnovlar hajmini 4 barobarga oshirish belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Transport vazirligi delegatsiyasining navbatdagi uchrashuvi Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Indoneziya Respublikalari aviatsiya hukumatlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik va havo qatnovlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralarda ikki davlat Transport vazirliklari delegatsiyalari, Indoneziya Tashqi ishlar vazirligi vakillari, O‘zbekiston Respublikasining Indoneziya Respublikasidagi elchisi O.Eshonov hamda elchixona vakillari, Indoneziyaning Garuda Indonesia, Air Asia, Batik Air kabi bir qator aviakompaniya vakillari ishtirok etdi.

Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimda aviakompaniyalar soni hamda parvoz manzillariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish, muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklash, parvozlar geografiyasini kengaytirish, tayinlangan aviakompaniyalarga parvozlar uchun tegishli huquqlarni berish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Uchrashuvda davomida Indoneziya tomoniga O‘zbekistonda “Ziyorat turizmi” hamda fuqaro aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Indoneziya aviakompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan alohida uchrashuvlarda ularning O‘zbekistonga parvozlarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston aviakompaniyalari hamda turoperatorlari bilan hamkorlikda “Umra plyus” dasturini amalga oshirish, hamda Markaziy Osiyolik turistlarni O‘zbekiston aeroportlari orqali Indoneziya turistik shaharlariga hamkorlikda tashishni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra aviatsiya hukumatlari o‘rtasida tegishli hujjatlar imzolandi va quyidagi kelishuvlarga erishildi:

- Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimda aviakompaniyalar soniga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish va mazkur shartni aviatsiya hukumatlarining vakolati asosida kuchga kiritish bo‘yicha zudlik bilan kelishuv imzolash;

- Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimga kiritilgan o‘zgarishlarni esa o‘rnatilgan tartibda amaldagi qonunchilik talablari asosida ikki davlat ichki kelishuvlar jarayonlarini amalga oshirish yoki diplomatik notalar almashinuvi orqali qabul qilish, unga qadar parvozlarni ikki davlat aviatsiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan yangi kelishuv doirasida amalga oshirish;

- O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarlar uchun bitimdagi Jakarta shahriga qo‘shimcha ravishda aholi qatlami zich joylashgan eng yirik turistik va sanoatlashgan Denpasar, Surabaya, Medan, Yogyakarta, Majalengka, Banda Asex, Tanjung Pandan, Lombok va qo‘shimcha istalgan ikkita shaharlarni parvoz manzili etib belgilash;

- Indoneziya tomonidan tayinlangan aviakompaniyalari uchun O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga parvoz qilish huquqini berish;

- “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va Indoneziya aviatsiya hukumati o‘rtasida 1995 yilda imzolangan “Kelishuv” shartlariga muvofiq barcha turdagi aviaqatnovlar uchun haftasiga 3 marta etib belgilangan chastotalarni yangi kelishuv asosida har bir tomon aviakompaniyalari uchun 28 taga oshirish (jami 56 ta) ularni yarmini yo‘lovchi va qolgan yarmini yuk tashish uchun belgilash;

- Barcha aviakompaniyalar uchun aviaqatnovlarni havo kemasining yo‘lovchi va yuk sig‘imi bo‘yicha cheklovlarsiz parvozlarni amalga oshirishiga ruxsat berish;

- Yuqorida qayd etilgan aviakompaniya va aviatsiya hukumati o‘rtasida 1995-yilda imzolangan kelishuvni bekor qilish va barcha parvozlarni yangi kelishuv shartlari asosida amalga oshirish;

- Denpasar yo‘nalishida amalga oshiriladigan aviaqatnovlarning 50 foizini Code Share asosida amalga oshirish;

- Yuk tashish aviaqatnovlari uchun har ikki tomon aviakompaniyalariga uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi havo erkinliklarini berish;

- Kelgusida aviaqatnovlar hajmini oshirish hamda qo‘shimcha aviakompaniyalarni tayinlash masalalarini o‘zaro xat almashish yo‘li bilan hal etish.

Erishilgan kelishuvlar kelgusida ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlarni bajaruvchi aviakompaniyalar sonini ko‘paytirish, “Umra plyus” dasturini amalga oshirish orqali Ziyorat turizmini rivojlantirish, aviaqatnovlarda har ikki tomonlama yo‘lovchi va yuk tashish hajmlarini oshirish, turistlarning erkin harakatlanishi hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning yanada rivojlanishiga katta turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda O‘zbekistonning "Qanot Sharq" aviakompaniyasi Toshkent-Denpasar (Bali) yo‘nalishida "Asialux travel" turistik kompaniyasi bilan hamkorlikda mavsumiy turistik charter parvozlarini amalga oshirib kelmoqda.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi elchixonasi tomonidan mamlakatimiz turistik salohiyatini jahonga tanitish va mamlakat turizmiga bo‘lgan xorijiy talabni oshirish maqsadida Indoneziya turizm bozorida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80708 | Инструменты