Senatning yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2024-yil 27-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi hamkorlik tez surʼatlarda rivojlanmoqda. Shu kunga qadar ikki davlat o‘rtasida ekstraditsiya, jinoyat ishlarida huquqiy yordam, havo qatnovi, savdo-iqtisodiy munosabatlar, daromad soliqlari bo‘yicha ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish, fan va texnika kabi yo‘nalishlarda jami 31 ta kelishuv imzolangan.
Qonun bilan ratifikatsiya qilinayotgan ushbu Bitim Birlashgan Arab Amirliklari delegetsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida 2024-yil 17-sentabr kuni Toshkent shahrida imzolangan.
Hujjatda ikki davlat o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, har ikki davlat fuqarolarini bir-birining hududida teng huquqiy himoya bilan taʼminlash hamda fuqarolik va iqtisodiy masalalar yuzasidan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini yaratish nazarda tutilgan.
Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish, sud hujjatlarini tan olish va ijro etish kabi masalalar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish tartibi ham belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi kelgusida ikki mamlakat o‘rtasidagi shartnomaviy-huquqiy munosabatlarni yanda rivojlantirish va mustahkamlashga, xususan, sud-huquq sohasida hamkorlikning yanada rivojlanishiga erishish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan qonun maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53101 | Инструменты