30 may kuni Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo aeroporti 20 yildan so‘ng ilk reysini qabul qildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkentdan bortida 48 nafar yo‘lovchi bilan uchgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 15:41 da aeroportga qo‘ngan. An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan, yo‘lovchilar esa karnay va surnay sadolari ostida kutib olingan.
Viloyat aeroportida aerodromning sun’iy yuzalarida, ya’ni uchish-qo‘nish yo‘lagi, burilish yo‘lakchasi va samolyotlar uchun turish joylarida kapital ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ushbu rekonstruksiya ishlaridan so‘ng aeroport 29 aprel kuni birinchi texnik parvozni qabul qilgan.
Bir oy ichida 1100 kvadrat metr maydon va soatiga 100 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi terminal qurish bo‘yicha barcha ishlar yakunlangan. Bugun Sariosiyo aeroporti muntazam reyslarni amalga oshira boshlab, ilk yo‘lovchilarini qabul qildi.
Ma’lumot uchun, Sariosiyo aeroporti 2005 yilda fuqaro aviatsiyasi uchun yopilgan bo‘lsa, oradan 20 yil o‘tib yana yo‘lovchilarni qabul qila boshladi. Havo bandargohi so‘nggi yillarda o‘z faoliyatini tiklagan beshinchi mintaqaviy aeroportga aylandi. Bungacha Mo‘ynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60102 | Инструменты