Huawei 1
O‘zbekiston dunyodagi suv tanqis bo‘lgan 33 davlat qatoriga tushib qolishi mumkinligi aytildi

Dunyo resurslari instituti tadqiqotiga ko‘ra, 2030-yilda kuchli suv tanqisligi tufayli 700 million nafarga yaqin odam iqlim muhojiriga aylanadi. 2040-yilga borib O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda 80 foizdan ortiq aholi suv tanqisligidan to‘g‘ridan to‘g‘ri aziyat cheka boshlaydi. Bu dunyo bo‘yicha eng yuqori xavfli hududdir.

Jahon suv resurlari instituti ma’lumotlarida qayd etilishicha, O‘zbekiston suv stressiga moyil bo‘lgan 25 ta davlat qatoriga kiradi. Shuningdek, soha vakillari ham 2030-yilga borib, respublika bo‘ylab 7 milliard kub metr suv tanqisligi kuzatilishi va oqibatda mamlakat dunyodagi suv tanqis bo‘lgan 33 davlat qatoriga tushib qolishi ehtimoldan yiroq emas ekanligini ta’kidlagan.  

Oldinda kutilayotgan xavfni oldini olish uchun ekinlarni sug‘orishda ilg‘or usullardan foydalanishni keng joriy etish maqsadga muvofiqdir.  

Tomchilatib sug‘orishning afzalliklari nimada?  

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati bu borada quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.  

Bu tizim suvni maxsus quvurlar yordamida bevosita o‘simliklarning ildizlari atrofiga kichik me’yorlarda tomizib sug‘orish texnologiyasidir. Tomchilatib sug‘orish tizimi jahonning qishloq xo‘jaligi taraqqiy etgan ko‘pgina mamlakatlarida ham joriy etilgan bo‘lib,  bu keng jamoatchilik tomonidan va ilmiy jihatdan intensiv texnologiya deb tan olingan.  

Tomchilatib sug‘orishda  suv o‘simlikning ildiz qatlamiga bir tekisda yetib boradi. Mazkur usulning boshqa usullaridan farqi shundaki, dalaning ekin joylashgan joylari bir xilda namlanadi. Tuproqda ortiqcha namlik yuzaga kelmaydi.  Suv sarfi 30—50% gacha kamayadi, sug‘orish quvurlari o‘rnatilmagan qator oralari quruq bo‘lganligi tufayli begona o‘tlar chiqmaydi. Ishchi kuchiga ehtiyoj kamayadi, hosildorlik ortadi, elektr energiyasi tejaladi, yalpi daromad oshadi.  

Bu sug‘orish rejimida o‘simlikning suvga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda suv beriladi. Mineral o‘g‘itlarni ham bevosita suvga qo‘shib berish mumkin. Tuproq qotib qolmaganligi sababli texnika bilan ishlov berishga zarurat tug‘ilmaydi.  

Mavsum davomida har gektar maydon hisobiga 50–60 l atrofida yonilg‘i-moylash mahsulotlari tejaladi. Yil davomida beriladigan o‘g‘itlar uchun xarajatlar tomchilatib sug‘orilganda 30 foizga kamayadi, vegetatsiya davrida beriladigan o‘g‘itlar uchun xarajatlar esa 50 foizgacha tejaladi. Ekinning o‘g‘itni o‘zlashtirishi 90 foizdan yuqori bo‘ladi. Tuprog‘i eroziyaga moyil yengil tuproqli, yer yuzasi notekis bo‘lgan adirlarda ham ekinlarni tomchilatib sug‘orish tizimlaridan foydalanish iqtisodiy jihatdan yaxshi samara beradi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga