Huawei 1
Noshirlik va matbaa faoliyatini litsenziyasiz boshlash mumkin

Endilikda noshirlik va matbaa sohasida faoliyat ko'rsatuvchi tadbirkorlardan litsenziya va ruxsatnoma olish talab etilmaydi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-martdagi “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida 2020-yil 1-iyuldan boshlab noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblarini bekor qilib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimini joriy qilish belgilangan edi.

Aytish joiz, ilgari tadbirkorlar mazkur sohalarda faoliyat yuritish uchun litsenziya va ruxsatnoma olishi, buning uchun qator hujjatlarni rasmiylashtirishi kerak edi. Bu, o'z navbatida, ularga qator byurokratik to'siqlarni yuzaga keltirib, ma'lum ma'noda sifatli va zamonaviy, mazmunan mukammal kitob mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham cheklayotgan edi. Qarorda ko'zda tutilgan eng asosiy jihat noshirlik va matbaa sohasida davlat aralashuvini keskin kamaytirish, nashriyot va matbaa sohasida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishdan iboratdir. Endilikda tadbirkorlardan noshirlik va matbaa faoliyatini boshlash uchun litsenziya yoki ruxsatnoma olish talab etilmaydi.

Prezident qarori talablaridan kelib chiqib, 2020-yil 22-iyunda Hukumatning “Noshirlik va matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror noshirlik va matbaa faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unga ko'ra, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tartibi joriy etildi. Bunda tadbirkorlik sub'ektlari noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganidan keyin 10 kun ichida Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini xabardor qilib qo'yishi kerak.

Tadbirkorlarning davlat muassasalariga shaxsan murojaat qilishlari ham shart emas. Buning uchun internet tarmog'i orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)ga kirib, “Litsenziyalash” bo'limidan “Matbaa faoliyatini amalga oshirishda vakolatli davlat organini xabardor qilish” bandi orqali kerakli xizmatni topishi, tegishli maydonlarni to'ldirib, ariza yuborishi va avtomatik tarzda tasdiqnoma olishi mumkin. Bundan tashqari, saytning qidiruv tizimidan “matbaa”, “noshirlik” kalit so'zlarini kiritish orqali ham bir necha soniyada ushbu xizmatlarni topish imkoniyati mavjud. Xabarnoma yuborilganidan so'ng, avtomatik tarzda natijasi bo'yicha davlat reyestriga kiritilganligi to'g'risida QR-kod qo'yilgan tasdiqnoma tadbirkorga real vaqt rejimida beriladi. Eng muhimi, mazkur xizmatlar mutlaqo bepul amalga oshiriladi.

Mazkur yangilik litsenziya va ruxsat berish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida tadbirkorlik subyektlariga yanada ko'proq qulaylik yaratishga xizmat qiladi. Eslatma, noshirlik faoliyati uchun avval olingan va amal qilish muddati tugamagan litsenziyasi bo'lgan tadbirkorlar o'z faoliyatini davom ettirayotganligi to'g'risida vakolatli organni xabardor qilib qo'yishlari lozim.

Darvoqe, ushbu qulaylik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Davlat xizmatlari agentligi, davlat axborot tizimlarini yaratish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha yagona integrator “UZINFOCOM” hamkorligida amalga oshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 53107 | Инструменты