Navoiyda 1000 dollar evaziga IIOga ishga kiritib, “prava” olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

Navoiy viloyati Zarafshon shahrida fuqaroni ishonchiga kirib, ishga kiritib qo‘yish va haydovchilik guvohnomasi olib berish uchun pul so‘ragan shaxs ushlandi. 

Aniqlanishicha, 1994 yilda Uchquduq tumanida tug‘ilgan J. ismli shaxs bir fuqaroning ishonchiga kirib, ichki ishlar organlarida ishlovchi tanishlari orqali uni tizimga xizmatga kiritib qo‘yish hamda tegishli sinovlarsiz haydovchilik guvohnomasini olib berishni vaʼda qilgan. Ushbu “xizmatlari” evaziga gumonlanuvchi 1000 AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor guruh tomonidan belgilangan tadbir davomida J. Zarafshon shahridagi savdo majmualaridan birining oldida arizachidan kimyoviy ishlov berilgan 1000 dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

So‘roq davomida gumonlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, ichki ishlar bo‘limi rahbarining nomidan foydalanganini, aslida esa rahbariyatning bu ishga aloqasi yo‘qligini hamda pullarni o‘z manfaati uchun olganini bildirgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Zarafshon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11720 | Инструменты