Joriy yilning 8 may kuni “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Istanbulning Bahcheshehir mavzeidagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketildi. Bu haqda “Azon Global” portali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Alisher Tursunov hibsga olingan kunning o‘zida advokatlari ishtirokida dastlabki surishtiruv o‘tkazilgan. O‘sha kuni advokatlarga bildirilgan oxirgi ma’lumotga ko‘ra, surishtiruvdan so‘ng Alisher Tursunov Istanbuldagi Deportatsiya markaziga o‘tkazilishi, ertasiga esa u yerdan ozod qilinishi kerak bo‘lgan.
“Ammo oradan 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Immigratsiya boshqarmasi domlaning qayerdaligi, sog‘lig‘i va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday ma’lumot bermayapti”, deyiladi xabarda.
Portalning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, nazoratda ushlab turilgan shaxsning oilasiga bu haqida ma’lumot berilishi, uning o‘ziga ham yaqinlari bilan muloqot qilishga izn etilishi belgilab qo‘yilgan.
“Hozirgacha hatto advokatlari ham domladan biror xabar ololmayotganidan, aqalli qayerda saqlanayotganini ham bilolmayotganidan oilasi va yaqinlari asosli ravishda xavotirga tushishmoqda. Boisi ustoz Mubashshir Ahmad uzoq yillardan beri qandli diabet va yuqori qon bosimidan aziyat chekib keladi hamda muntazam ravishda insulin va boshqa dorilar qabul qilishga majbur”, deyiladi “Azon Global”da.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51220 | Инструменты