1 yanvardan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga ularga berilgan homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasini to‘lash tartibi joriy etiladi
Joriy yil 11-sentyabr kuni Prezidentning “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unga ko'ra, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari saqlab qolingan holda ularning mablag‘larini tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish vakolatlari tuman (shahar) shtablariga o‘tkaziladi.
2027 yil 1 yanvardan:
- aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini o‘rganish hamda Ijtimoiy reyestrga kiritish ularning moliyaviy holatidan tashqari oila a’zolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi, oilaning ko‘p bolali ekanligi kabi mezonlar asosidagi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali amalga oshiriladi;
- ko‘p o‘lchovli baholash tizimi doirasida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanib, uning natijalariga ko‘ra oilalar tegishli toifalarga ajratilgan holda ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
Shuningdek, 1 yanvardan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga ularga berilgan homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasini to‘lash tartibi joriy etiladi.
Ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar a’zolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2026 yilda qo‘shimcha ravishda 100 mlrd so‘m, 2027 yilda 300 mlrd so‘m foizsiz kreditlar ajratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91412 | Инструменты