Katta shaharlardagi jamoat joylarida xizmat itlari patrullik qila boshladi

Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya tomonidan jamoat joylarida, xususan, xiyobonlar, istirohat bog‘lari va bozorlarda giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasining oldini olish maqsadida xizmat itlaridan foydalanish tartibini belgilovchi qo‘shma qaror qabul qilindi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi xabar berdi.

Qarorga muvofiq, dastlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida joylashgan jamoat joylarida xizmat itlari bilan birgalikda patrul naryadlari tajriba-sinov tariqasida faoliyat boshladi.

Taʼkidlanishicha, Toshkent shahar IIBB Kinologiya bo‘limi xodimlari “Tashkent City Mall” savdo majmuasi, “City Park”, “Dream Park” va “Magic City” ko‘ngilochar maskanlarida xizmat faoliyatini olib bormoqda.

Xizmat itlari yordami jinoyatlarning oldini olishda, xususan, fuqarolarga yoki xodimlarga hujum uyushtirish holatlarini bartaraf etishda, jinoyat sodir etgandan keyin yashirinayotgan shaxslarni aniqlash va ushlashda, shuningdek, qo‘lga olingan shaxslarning qochishga urinishi yoki atrofdagilarga zarar yetkazish ehtimoli mavjud vaziyatlarda qo‘llaniladi.

Qarorga muvofiq, jonivorlarning xizmat davomiyligi ob-havo harorati +30°C dan yuqori yoki +1°C dan past bo‘lgan paytlarda 4 soatdan oshmasligi belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101521 | Инструменты